Oʻzbekistonda xavfli kimyoviy chiqindilarni boshqarish boʻyicha milliy strategiya ishlab chiqiladi

15:15 27 Dekabr 2023 Jamiyat
639 0

Foto: Ekologiya vazirligi

26-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi binosida “Xavfli kimyoviy moddalarni ishonchli boshqarish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha grant shartnomasi imzolandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Uch tomonlama hujjatni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov, Yevropa Ittifoqining (YI) Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian va BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov imzoladi.

“Ushbu loyiha yashil iqtisodiyotga oʻtishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yirik dasturning bir qismi boʻlib, dasturga 10 million yevrodan ortiq mablagʻ ajratilgan. Loyihaning qiymati oʻzi esa deyarli 4 million yevroga teng. Maqsad Ekologiya vazirligining bu boradagi imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilar sohasida muvofiqlashtirishni yaxshilashdan iborat”, — dedi Sharlotta Adrian. — Oʻzbekistonda bu boradagi ishlarni yaxshilashga ehtiyoj va xohish bor. Bu potensial BMTning bir qancha konvensiyalari bilan bogʻliq. Bu bilan mamlakat yashil taraqqiyotga oʻtish sari olgʻa intilish istagini namoyon etdi. Shuning uchun biz bu intilishni qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz va bundan xursandmiz”.

Loyiha Ekologiya vazirligi tomonidan FAO bilan birgalikda 2023–2027-yillar oraligʻida Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagida amalga oshiriladi. U tugallangandan soʻng, xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish sohasida mamlakatning institutsional salohiyati oshishi kutilmoqda, bu esa xavfli chiqindilar boʻyicha yanada yaxshi maʼlumotlar bazasini shakllantirish imkonini beradi. Shuningdek, Chiqindilarni boshqarish boʻyicha Milliy strategiyani ishlab chiqish va tegishli standartlarga ega xavfli chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini bosqichma-bosqich yaratishga oʻtish uchun zamin yaratadi.

“Bu mavzu Oʻzbekiston uchun juda dolzarb, chunki qishloq xoʻjaligi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 27 foizini tashkil qiladi. Yaxshi hosil olish maqsadida Oʻzbekistonda kimyoviy moddalar, pestitsidlardan oʻrtacha foydalanish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha faol ish olib borilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi Ekologiya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, fermerlar va boshqa manfaatdor shaxslarning ushbu sohadagi koʻnikmalarini rivojlantirishdir. Albatta, loyihaning amalga oshirilishi BMTning 4 ta konvensiyasidagi majburiyatlarning bajarilishidir”, — dedi Sherzod Umarov.

Muhimi, loyiha qishloq xoʻjaligida barqaror amaliyotlarni targʻib qilishni kengaytirishga yordam beradi, bu esa fermerlar va isteʼmolchilar uchun pestitsidlardan foydalanish xavfini kamaytiradi. Muassasalar va aholining xavfli kimyoviy moddalardan foydalanish bilan bogʻliq xavf-xatarlar haqida xabardorligini oshirishga katta eʼtibor qaratiladi.

“Loyiha xavfli kimyoviy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan. Uning doirasida qishloq xoʻjaligida zararli moddalardan foydalanishni kamaytirish va tuproq resurslariga kamroq zarar yetkazuvchi moddalarga oʻtish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, xavfli kimyoviy chiqindilarni boshqarish boʻyicha Milliy strategiya ishlab chiqiladi”, — dedi Ekologiya vazirligi vakili Anvar Tursunaliyev.

Maʼlumot uchun, Qoʻshma loyihani amalga oshirish natijasida zararli kimyoviy moddalar va ular bilan bogʻliq chiqindilarni boshqarish mexanizmlari va vositalari samaradorligini oshirish, shuningdek, qishloq xoʻjaligida xavfli pestitsidlardan foydalanishni qisqartirish, shu jumladan, qishloq xoʻjaligida muqobil usullarni joriy etish va targʻib qilish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер