Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinadi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekiston Prezidentining Xitoyga tashrifi davomida energetika, geologiya, kimyo, transport, qishloq va suv xoʻjaligi sohalaridagi oʻnlab yirik kompaniya rahbarlari bilan 35 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar paketi shakllantirildi. Bu haqda Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida aytib oʻtildi.

Qayd etilishicha, bunday loyihalar uchun texnologiyalar va xitoy tilini yaxshi biladigan minglab kadrlar kerakligi taʼkidlandi. Kasbga oʻrgatishda Xitoy tajribasini joriy etish maqsadida har bir viloyatda 2 tadan “Oʻzbekiston – Xitoy ustaxonasi”ni tashkil qilish topshirildi.
Oliygoh, texnikum va maktablarda xitoy tilini oʻqitish maqsadida 100 dan ziyod til egalari va volontyorlar taklif qilinadi.
“Bizda 450 ming oʻquvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum bor. Bu yoshlar uchun juda katta resurs, sharoit va imkoniyat. Lekin bu yil 9-sinfni 608 ming oʻquvchi bitirgan boʻlsa, ularni atigi 182 ming nafari texnikumlarga boryapti. Bugundan boshlab bir yil yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish yili boʻladi”, dedi Prezident.
Mutasaddilar zimmasiga viloyat va tuman hokimlari bilan birgalikda Prezident va ixtisoslashgan maktabda orttirilgan tajriba asosida joriy yilda 598 ta texnikumga xalqaro standart boʻyicha zamonaviy kasbga oʻqitish muhitini olib kirish vazifasi qoʻyildi.
Umuman, viloyat va tuman hokimlariga kelgusi oʻquv yilida 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizini, hozirgiga qoʻshimcha yana 200 ming oʻquvchini texnikumga qamrab olish topshirildi.
Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinadi.
Joriy yildan boshlab oliygohlarda qabul kvotalarini investitsiya loyihalarida kadrlarga boʻlgan talabdan kelib chiqib shakllantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Endilikda investor buyurtmasi bilan texnikumlarda ham kadrlar maqsadli tayyorlanadi. Investor soʻroviga asosan texnikumdagi taʼlim dasturlarini 30 foizgacha oʻzgartirish mumkin boʻladi.
Texnikum bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi.
Shu bilan birga, tarmoq uyushmalari oʻzlariga aʼzo ish beruvchilarning malaka talablarini tayyorlab bera olmayotgani, oqibatda korxona ham zarar koʻrayotgani, texnikumlar ham nimani oʻqitishni bilmayotgani boʻyicha eʼtiroz bildirildi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi agentlik bilan birgalikda tarmoqlardagi korxonalar uchun kerakli kasblar kesimida standart va talablarni ishlab chiqish topshirildi.
Yigʻilish davomida soha va hududlar masʼullarining hisobotlari tinglandi, taʼlim tashkilotlari rahbarlari bilan muloqot qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring