Oʻzbekistonda ilk bor “billur bolalar”ni operatsiya yoʻli bilan davolash yoʻlga qoʻyildi

11:47 12 Mart 2022 Jamiyat
1956 0

Nomukammal osteogenez xastaligiga chalingan oʻgʻil-qizlarni “billur bolalar” deb ham atashadi. Bu suyaklarning tez-tez sinishi bilan namoyon boʻladigan kamyob tugʻma genetik kasallik boʻlib, odatda farzand tugʻilishidan yoki uning kichik yoshligidan kuzatila boshlaydi.

Respublika bolalar ortopediya markazida ushbu xastalikni jarrohlik yoʻli bilan davolash yoʻlga qoʻyilgan. 2021-yilda boshlangan xalqaro hamkorlik natijasida Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilgan bunday operatsiyalarni endilikda oʻzbek shifokorlari mustaqil ravishda amalga oshirmoqda.

— Nomukammal osteogenezga chalingan bolalarga teleskopik sterjen oʻrnatish operatsiyasini ilk bor 2021-yil 15-oktyabrda, Rossiyaning Bolalar salomatligi milliy tibbiy tadqiqot markazi mutaxassislari bilan birgalikda bajargan edik, — deydi Respublika bolalar ortopediya markazi direktori Akbar Tilyakov. — Keyinchalik Sankt-Peterburgda joylashgan G.I.Turner nomidagi bolalar travmatologiya va ortopediya milliy tibbiy tadqiqot markazi mutaxassislari ishtirokida ham xuddi shu amaliyotni oʻtkazdik. Shundan soʻng bu murakab operatsiyani toʻliq oʻzlashtirib, mustaqil ravishda amalga oshirishga kirishdik. Hozirga qadar jami 5 nafar bolada bu amaliyot mavaffaqiyatli oʻtkazildi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda nomukammal osteogenez tashxisi qoʻyilgan yuz nafardan ortiq bolalar roʻyxatga olingan. Afsuski, yaqin vaqtgacha yurtimizda ularga yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish mushkul edi.

Shu bois ota-onalar bemor farzandlarini operativ davolatish uchun Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya kabi davlatlarga olib borishlari zarur boʻlgan.

Nomukammal osteogenez nuqsoni boʻlgan oʻgʻil-qizlarga teleskopik sterjen oʻrnatish operatsiyalarida butun dunyo boʻylab “oltin standart” hisoblangan “Fassier Duval” teleskopik tuzilmalaridan foydalanilmoqda. Bu konstruksiya keyingi suyak sinishlari xavfini kamaytirish va tez yurishni boshlash imkonini beradi.

Quvonarlisi, teleskopik sterjenlash uchun qoʻllaniladigan metall moslamalar yurtimizning oʻzida, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanishi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Hozirda Respublika bolalar ortopediya markazida kam uchraydigan neyrofibromatoz, mukopolisakkaridoz, Goshe xastaligi bilan ogʻrigan bemorlarni ham tibbiy reyestrga kiritib, ahvoli kuzatib borilyapti.

Ularni medikamentoz davolash tajribasiga ega boʻlgan xorijiy mutaxassislar bilan konsultatsiyalar oʻtkazish boʻyicha harakatlar davom etmoqda. Kelgusida boshqa orfan kasalliklarni ham Oʻzbekistonning oʻzida davolash rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?