Oʻzbekistonda ilk bor aholi xonadoni tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish boshlandi

14:07 04 Noyabr 2021 Iqtisodiyot
1203 0

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi Rasulov Rahimjon xonadonida 6 kVt quvvatli kichik quyosh foto elektr stansiyasi oʻrnatib, ushbu stansiya orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻz ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotishni boshladi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmatiga koʻra, ushbu stansiya orqali yiliga 7 000 dan 10 000 kVt. soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Mazkur xonadon egasi va Energetika vazirligi tizimidagi Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi oʻrtasida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kichik obyektlaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida” shartnoma imzolandi.

Endilikda ushbu xonadonda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini hududiy elektr taʼminoti korxonasi tomonidan kafolatlangan tarzda sotib olinadi.

Ushbu shartnoma umumiy oʻrnatilgan quvvati 1 MVt gacha (oʻzgaruvchan tok ) boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari obyektlaridan, (mikro va kichik gidroelektr stansiyalardan tashqari) elektr energiyasini xarid qilishga taalluqlidir.

Eslatib oʻtamiz, mazkur amaliyot Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-iyuldagi 610-son qarori bilan tasdiqlangan «Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetika tizimiga ulash reglamenti»ga asosan amalga oshiriladi.

Bunda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan elektr energiyasini sotib olish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi PQ-4779-sonli qarorida belgilangan tarifga asosan amalga oshiriladi.

Ahamiyatlisi, shu kabi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini umumiy tarmoqqa sotish – ASKUE tizimi doirasida oʻrnatilgan zamonaviy elektron hisoblagichlar orqali amalga oshiriladi.

Maʼlumot uchun: Shaxsiy quyosh fotoelektr stansiyalarini (1 MVt gacha) oʻrnatish istagida boʻlgan fuqarolar stansiyalarini yagona energetika tizimiga ulangan holda foydalanishlari hamda oʻz ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yuqoridagi qarorlarga asosan shartnoma asosida sotishlari mumkin.

Ushbu xonadon egasi qilingan xarajatlarining bir qismini qoplab berilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 217-son qarorida koʻzda tutilgan kompensatsiya ajratilishi boʻyicha tuman hokimiyatiga murojaat qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?