Oʻzbekistonda “Better Cotton” dasturi boshlanmoqda

22:31 17 Noyabr 2022 Siyosat
761 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

“Better Cotton” Oʻzbekistonda oʻz dasturini ishga tushirmoqda. Bu haqda 17-noyabr kuni Toshkentda barcha manfaatdor hamkorlar ishtirokida oʻtkazilgan konferensiyada eʼlon qilindi.

Better Cotton” – ekologiya uchun yaxshiroq, jamiyat uchun yaxshiroq, iqtisodiyot uchun yaxshiroq, kelajak uchun yaxshiroq» mavzusidagi konferensiya “Better Cotton” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, shuningdek, vazirlik va idoralar rahbarlari, jumladan, qishloq va suv xoʻjaligi, bandlik va mehnat munosabatlari, investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi, biznes uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda tarmoq tuzilmalari, ishlab chiqaruvchilar va riteylerlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati instituti vakillari, Xalqaro brendlarni namoyon qiluvchi “Better Cotton” aʼzolari, jumladan, “Ikea” paxtani global rivojlantirish boʻyicha menejeri qatnashdilar.

Tadbir paxta sektoridagi barqarorlik masalalarini muhokama qilish va milliy ustuvorliklarni belgilash maqsadida barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq maydonga aylandi.

Taʼkidlanganidek, “Better Cotton” mamlakatdagi fermerlarning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda Oʻzbekistondagi yangi dasturining yoʻnalishlarini belgilashga harakat qilmoqda.

Ishtirokchilar institutsional choralarni ishlab chiqish, joylardagi tadbirlarni amalga oshirishdagi rivojlanish va muammolar, shuningdek, Oʻzbekistonda paxtani barqaror ishlab chiqarishni mustahkamlash borasidagi yondashuvlar haqida oʻz xulosalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Taqdimotlar va ochiq munozaralar paxta sektoridagi eng dolzarb xavflarni aniqlash, shuningdek, joylarda tadbirlarni amalga oshirishda muvaffaqiyatni taʼminlash va Oʻzbekistondagi “Better Cotton” dasturining taʼsirini oshirishga imkon beradigan asosiy ustuvor yoʻnalishlarni shakllantirish imkonini berdi.

Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva oʻz nutqida Oʻzbekistonning “Better Cotton” dasturida ishtirok etishi toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish boʻyicha oʻz qarashlarimizni roʻyobga chiqarishning eng yaxshi yoʻli boʻlishini, bu munosib bandlikni taʼminlashini, biznesning raqobatbardoshligini oshirishini va inklyuziv iqtisodiy oʻsishga xizmat qilishini, shuningdek, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishini alohida taʼkidladi.

— Milliy komissiya tomonidan xalqaro hamkorlarning tavsiyalari asosida respublika toʻqimachilik sanoatiga BCI mezonlariga mos keladigan xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha alohida “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi, — dedi T.Narbayeva. — Quvonarlisi, bugungi kunda ishlab chiqaruvchilarning oʻzlari ularni amalga oshirishdan manfaatdor. Ishonchim komilki, Koʻp tomonlama muvofiqlashtiruvchi kengash Milliy komissiya doirasida BCI ishtirokida va fuqarolik jamiyati institutlarini faol jalb qilgan holda “Yoʻl xaritasi”ni muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qiladi.

“Better Cotton” bosh direktori Alan Makkley taʼkidlaganidek, “Better Cotton” butun dunyoda fermerlar hamjamiyatini qoʻllab-quvvatlash va ularning faoliyatini doimiy ravishda yaxshilash maqsadida faoliyat koʻrsatadi.

— Oʻzbekistonda paxta sektori muvaffaqiyatli rivojlanmoqda va biz fermerlar markazida boʻlgan barqaror kelajakka ustuvor ahamiyat beradigan mamlakatda barcha tomonlar bilan hamkorlikda ishlashni boshlayotganimizdan nihoyatda mamnunmiz, — dedi A. Makkley.

Anjuman yakuni boʻyicha Oʻzbekistondagi “Better Cotton” dasturi doirasida barcha manfaatdor tomonlarning ustuvor yoʻnalishlari va hamkorlik maqsadlarini aks ettiruvchi qoʻshma rezolyutsiya imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?