Oʻzbekistonda asosiy stavka yana 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi

18:14 27 Iyul 2023 Iqtisodiyot
5090 0

Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishiga qaramasdan, narxlarga talab omillari bilan bogʻliq bosimlarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib, yil yakuniga qadar inflyatsiyaning prognoz doirasida boʻlishini taʼminlash maqsadida asosiy stavka oʻzgarishsiz qoldirildi.

Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayuvchi dinamikani namoyon etib, iyun oyida yillik 9 foizni tashkil qildi. Bunda, oʻtgan yilgi yuqori baza effekti taʼsirlari tugab borishi, import tovarlari va tartibga solinadigan narxlar nisbatan barqaror boʻlganligi asosiy pasaytiruvchi omillardan boʻldi. Xizmatlarga boʻlgan yuqori talabning saqlanib qolishi hisobiga xizmatlar inflyatsiyasida sezilarli pasayish kuzatilmadi.

Maʼmuriy va mavsumiy omillarning narxlarga taʼsirisiz hisoblangan bazaviy inflyatsiya kutilganidan koʻra sekinroq pasaydi va iyun oyida 11,3 foizni tashkil etdi. Natijada, bazaviy inflyatsiya va umumiy inflyatsiya oʻrtasidagi tafovutning oshib borishi kuzatilmoqda. Oʻrtacha yillik inflyatsiya ham joriy inflyatsiyadan yuqori shakllangan.

Bu holat narxlar shakllanishida fundamental talab omillari taʼsiri saqlanib qolayotganligi, isteʼmol bozorlaridagi talab va taklifning toʻliq muvozanatlashmaganligini koʻrsatmoqda va isteʼmol savatida narxlari 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushining yuqoriligida ham namoyon boʻlmoqda.

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham pasayib iyun oyida 13-13,5 foizni tashkil qildi. Bunda inflyatsion kutilmalarning asosiy omillari qatorida valyuta kursi oʻzgarishi, ish haqi va nafaqalar oshishini kutayotgan respondentlar ulushi ortgan.

Iqtisodiy oʻsish surʼatlari joriy yil birinchi yarim yilligida 5,6 foizni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan yuqori surʼatlarni qayd etdi. Kreditlash surʼatlarining tezlashishi, byudjet xarajatlarini ortib borishi, xususan, ish haqi va nafaqalarning oshirilishi iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy omillardan boʻlmoqda.

Savdo va pullik xizmatlardan tushumlar, koʻchmas mulk bozorida oldi-sotdi bitimlari soni, banklararo tranzaksiyalar hamda chakana savdo aylanmasi hajmlarining yuqori surʼatlarda oʻsishi iqtisodiyotda isteʼmol talabining yuqoriligini koʻrsatmoqda.

Import dinamikasida ham yuqori oʻsish surʼatlari kuzatilib, bu bir tomondan, ichki faollikni oshayotganligi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchi tomondan, valyuta bozorida talabni oshiruvchi omil boʻlmoqda.

Transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi oʻzining fundamental trendi doirasida oʻsib bormoqda.

Global iqtisodiy faollik kutilganidan koʻra tezroq oʻsishiga qaramasdan uning kelgusi rivojlanish trayektoriyasi boʻyicha noaniqliklar yuqoriligicha qolmoqda. Jahon xomashyo narxlarida yuqori effekt taʼsirlari tugab borishi bilan global inflyatsiyada pasayish kuzatilmoqda, biroq aksariyat davlatlarda bazaviy inflyatsiya yil oxirigacha yuqori darajada saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.

Savdo-hamkor davlatlardagi iqtisodiy oʻzgarishlarning ichki iqtisodiyotga taʼsiri nisbatan ijobiy shakllansa-da, ayrim hamkor davlatlar milliy valyuta kurslariga boʻlayotgan bosim saqlanib qolmoqda va ushbu holat, oʻz navbatida, milliy iqtisodiyotga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Joriy yilning I yarim yilligida “nisbatan qatʼiy” pul-kredit sharoitlari taʼminlandi. Banklararo pul bozorida faollik sezilarli oshib, Uzonia stavkasi va banklararo Repo operatsiyalari boʻyicha foiz stavkalari toʻliq foiz koridori doirasida asosiy stavkaga yaqin darajada shakllandi.

Kredit va depozit bozorlarida oʻrtacha foiz stavkalari oʻtgan oylardagi koʻrsatkichlarga nisbatan deyarli oʻzgarishlarsiz shakllanmoqda.

Iqtisodiyotga kredit qoʻyilmalari oʻsishini ustuvor ravishda aholiga ajratilayotgan kreditlar qoʻllab-quvvatlamoqda. Iyun oyi yakunlari boʻyicha aholiga ajratilgan kreditlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga oʻsdi. Bunda, chakana kreditlarning yillik oʻsish surʼatlari oʻtgan oydagi koʻrsatkichlarga nisbatan biroz sekinlashdi. Ayni paytda, 2023-yilning I yarmida ajratilgan korporativ kreditlar hajmi 116 trln. soʻmni tashkil etdi va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshdi.

Milliy valyutadagi depozitlar hajmining oʻsish dinamikasi saqlanib, depozitlarning dollarlashuv darajasini pasayishi davom etmoqda. Milliy valyutadagi depozitlar hajmining oshishi muddatli depozitlar boʻyicha yuqori real foiz stavkalari bilan izohlanadi.

Yangilangan prognozlarga koʻra, tashqi iqtisodiy sharoitlarga iqtisodiyotning moslashuvini davom etayotganligi va ayrim noaniqliklarni saqlanib qolayotganligini hisobga olib 2023-yil yakunlari boʻyicha real YAIM oʻsishi 5,0-6,0 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.

Bunda, aholi daromadlari oshishi, fiskal ragʻbatlar va xizmatlar sohasidagi faollikning yuqoriligi iqtisodiy oʻsishni asosiy qoʻllab-quvvatlovchi drayverlari boʻladi.

Joriy yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasi makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida shakllanib,
8,5-9,5 foiz atrofida boʻlishi borasidagi prognozlar oʻzgarishsiz qoldirildi.

Jahon xomashyo narxlari barqarorlashayotgan, yetkazib berish zanjirlari tiklanayotgan va ichki iqtisodiy faollik ortayotgan davrda bazaviy inflyatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolishi iqtisodiyotda narxlarni oshiruvchi fundamental talab omillari ustunligini bildirib, pul-kredit sharoitlarining joriy tendensiyasini uzoqroq muddat saqlashni talab qiladi.

Oʻz navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari import taʼminotidagi soʻnggi yaxshilanish dinamikasining davomiyligi boʻyicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Bundan tashqari, iqlim oʻzgarishi taʼsirida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan bogʻliq xarajatlarni oʻsish xatarlari, yuqori talab dinamikasi sharoitida narxlarga qoʻshimcha bosim yaratishi mumkin.

Oʻrta muddatli istiqbolda iqtisodiyotda narxlar barqarorligini taʼminlash uchun pul-kredit va fiskal siyosatlarni oʻzaro uygʻun holda olib borish maqsadlaridan kelib chiqib, byudjet defitsitini belgilangan parametrlar darajasidan oshmasligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Kelgusi davrlarda bazaviy inflyatsiya prognozi va inflyatsion kutilmalarning ishonchli pasayish trayektoriyasiga oʻtishi, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini yanada oshiradi.

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yalpi talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga taʼsirlarini baholab barcha pul-kredit instrumentlari inflyatsiyani joriy yilgi prognoz koridori doirasida shakllanishini va oʻrta muddatda target koʻrsatkichlariga erishishni taʼminlashga qaratiladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2023-yil 14-sentyabrga belgilangan.

Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер