Oʻzbekiston JSTga aʼzolik jarayonida Rossiya bilan soʻnggi protokolni imzoladi

11:29 22 Dekabr 2025 Siyosat
506 0

Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzoligi doirasida Rossiya bilan ikki tomonlama bozorga kirish muzokaralarini yakunlovchi protokol imzolandi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining JST masalalari boʻyicha maxsus vakili Azizbek Oʻrunov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qildi.

Oʻrunovning qayd etishicha, kecha, 21-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan birgalikda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi jarayonida ikki tomonlama bozorga kirish boʻyicha muzokaralarni yakunlovchi protokol imzolangan.

“Muzokaralar uzluksiz, mazmunli va konstruktiv ruhda olib borildi hamda bugun ijobiy natija bilan yakunlandi. Shu munosabat bilan Rossiya Federatsiyasiga Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish jarayonidagi faol ishtiroki uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Shuningdek, ushbu jarayondagi yetakchiligi uchun vazir Maksim Reshetnikovga, mazmunli hissasi uchun Mayorova xonimga, muzokaralarni muvofiqlashtirgani uchun elchi Platonovga, shuningdek, butun Rossiya muzokaralar guruhiga samarali hamkorlik uchun alohida tashakkur izhor etaman”, deb yozadi Prezidentning JST masalalari boʻyicha maxsus vakili.

Prezidentning maxsus vakiliga koʻra, ayrim ishlar hali yakunlanmagan boʻlsa-da, endilikda Oʻzbekiston koʻp tomonlama muzokaralarni ilgari surish, qonunchilikni JST talablariga moslashtirish boʻyicha yangilashlarni tugallash va aʼzolik jarayonini kelasi yili muvaffaqiyatli yakunlashga butun eʼtiborini qaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?