Oʻzbekiston va Vengriya parlamentlari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar muhokama qilindi

21:22 03 Dekabr 2025 Siyosat
295 0

Oliy Majlis delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Oʻzbekiston-Vengriya parlamentlararo doʻstlik guruhi va parlament qoʻmitalari oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston parlament aʼzolari Vengriya parlamenti bilan aloqalarni kengaytirishga yuqori darajadagi tayyorgarlik va qatʼiy xohishini bildirdi. Vengriya Milliy Assambleyasining boy tajribasi, shuningdek, ushbu mamlakatning Oʻzbekistonga nisbatan munosabati samimiyligi va doʻstona pozitsiyasi alohida eʼtirof etildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston ikki mamlakat oʻrtasida imzolangan bitimlarni izchil taʼminlash, parlament doʻstlik guruhlari faoliyatini jonlantirish, qonun ijodkorligi, hududiy rivojlanish, ijtimoiy himoya, soliq siyosati va raqamlashtirish sohasida tajriba almashishga alohida eʼtibor qaratadi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida amaliy hamkorlik barcha yoʻnalishlarda barqaror rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hukumat, vazirliklar, agentliklar va hududlar darajasida samarali muloqot yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ikki davlat BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirmoqda.

Mamlakatlarning oʻzaro savdo hajmining oʻsishi, qoʻshma korxonalar soni koʻpayishi va iqtisodiyotning qator sohalarida kooperatsiya kengayib borayotgani alohida taʼkidlandi. Shu boisdan Oʻzbekiston-Vengriya biznes kengashining navbatdagi yigʻilishini keng doiradagi ishbilarmonlar ishtirokida oʻtkazish taklifi bildirildi.

2024-yil oktabr oyida Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan Birinchi hududlar forumining natijalari yuqori baholandi. Hududlararo hamkorlikni yanada jadallashtirish maqsadida 2026-yil boshida Budapesht shahrida Ikkinchi forumni oʻtkazish taklif etildi hamda hududlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. 2024-yil oktyabrda Lakitelek shahrida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy byustining ochilishi, 2025-yil yanvarda Budapeshtda Oʻzbekiston kino kunlarining oʻtkazilishi ikki mamlakat xalqlarini yanada yaqinlashtirayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston parlament aʼzolari Vengriyaning “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida har yili 200 nafar talaba uchun ajratilayotgan grantlarni yuqori baholadi va taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Shu jumladan, 2026-yil mart oyida III Oʻzbekiston-Vengriya rektorlari forumini oʻtkazish, qoʻshma ikki diplomli dasturlarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslar qoʻllab-quvvatlandi.

Uchrashuvda biznes, turizm va madaniy almashinuvlarni ragʻbatlantirish maqsadida ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni kengaytirish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер