Oʻzbekiston va Sloveniya korrupsiyaga qarshi kurashish organlari oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi

10:04 13 Oktyabr 2021 Jamiyat
514 0

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi delegatsiyasi Sloveniyada amaliy tashrif bilan boʻlib turibdi. Tashrif doirasida Sloveniya Respublikasi Korrupsiyaning oldini olish komissiyasi rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Oʻzbekistonda kechayotgan yangilanishlar, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishning taʼsirchan mexanizmlarini joriy qilish, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ilgʻor xalqaro tajribani hayotga tatbiq etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani haqida soʻzlab berdi.

Sloveniya Korrupsiyaning oldini olish komissiyasi bosh komissari Robert Shumi Oʻzbekiston va Sloveniya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining rivojlanib borayotganini qayd etib, Sloveniyaning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tajribasi haqida batafsil maʼlumot berdi.

Shuningdek, Sloveniya Korrupsiyani oldini olish komissiyasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim yoʻnalishlari — davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash, davlat xizmatida halollik prinsipini taʼminlash, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga oid qonunchilik va uni qoʻllash amaliyoti haqida taqdimot oʻtkazildi.

Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Sloveniya Respublikasi Korrupsiyani oldini olish komissiyasi oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Tomonlar kadrlar malakasini oshirish yuzasidan tadbirlar tashkil etish, tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha axborot almashish, ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashish organlari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Tashrif doirasida Sloveniya parlamenti, Davlat boshqaruv vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, sud organlari, Axborot komissarligi va Transparency International xalqaro tashkilotida ham uchrashuvlar koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?