Oʻzbekiston va Misr yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda

17:16 20 Fevral 2023 Siyosat
743 0

Joriy yilning 19-fevral kuni Oʻzbekiston ishchi guruhining Misr Arab Respublikasida boʻlib turishi doirasida Qohirada Misrning yirik vazirlik va idoralari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Muzokaralar davomida ustuvor tarmoqlardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, Savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha kelgusidagi tadbirlar muhokama qilindi. Tomonlar Port-Said shahrida qoʻshma Sanoat kooperatsiyasi va mahsulotlar tarqatish markazini tashkil qilish, Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish va imzolash, qoʻshma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va uning birinchi yigʻilishini 2023-yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida oʻtkazish boʻyicha qator amaliy chora-tadbirlarni kelishib oldilar.

Xalqaro hamkorlik vaziri Raniya al-Mashat bilan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Misr Hukumatlararo komissiyasining 7-yigʻilishini joriy yilning sentyabr oyida Oʻzbekiston poytaxtida oʻtkazish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni qisqa muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Air Cairo aviakompaniyasi raisi Husayn Sherif bilan suhbatda Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish va geografiyasini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Misr tomoni yaqin orada Qohira-Toshkent-Qohira yoʻnalishi boʻyicha muntazam reyslarni yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi. Aviakompaniya rahbari, shuningdek, kompaniyaning boshqa yoʻnalishlar bilan bir qatorda Xurgada va Sharm al-Shayxga reyslar sonini haftasiga 14 taga yetkazish niyati borligini maʼlum qildi.

Misr Investitsiyalar va erkin iqtisodiy zonalar agentligi Bosh direktori Xossam Xeyba bilan sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalari koʻrib chiqildi. Tomonlar oʻzaro sheriklikni yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, har ikki mamlakat kompaniyalarining milliy bozorlarga chiqishiga koʻmaklashish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni koʻrishga kelishib oldilar.

Shu kuni Oʻzbekiston-Misr biznes-forumi ham boʻlib oʻtdi. (materialga havola) Unda ikki mamlakatning 200 ga yaqin yetakchi kompaniyalari, jumladan, Misrning Orascom construction, Kandil Steel Group, Metco, ZAS, Giza Cable Industries, Shoura Chemicals, Polyee Plast, Solarsol EG kabi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida bir qator investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi. Ular orasida Port-Said shahrida keyinchalik Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport qilishga moslashgan oʻzbek toʻqimachilik korxonalarini tashkil etishga doir hujjatlar ham oʻrin oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер