Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida biotexnologiyalar sohasidagi hamkorlik yanada kengayadi

17:13 19 Iyul 2022 Siyosat
781 0

Bugun, 19-iyul kuni Eron Islom Respublikasining Ilm-fan va texnologiyalar boʻyicha vitse-prezidenti Suren Sattoriy boshchiligidagi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi boshlandi. S. Sattoriyni aeroportda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov kutib oldi.

Suren Sattoriyning Oʻzbekistonga tashrifi ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan boʻlib, u Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi INNO texnoparki faoliyati bilan tanishdi. Suren Sattoriy va delegatsiya aʼzolari zamonaviy maxsus texnik vositalar bilan taʼminlangan biotexnologik laboratoriya, ishlab chiqarish oʻquv sexi, tuproq unumdorligini tahlil qilish laboratoriyasi, tovush laboratoriyasi, robototexnika, standartlashtirish xonalari bilan tanishdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Suren Sattoriy Eron va Oʻzbekiston oʻrtasida biotexnologiyalar sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalasiga alohida urgʻu berdi.

— Ikki mamlakatning biotexnologiyalar sohasida erishgan yutuqlari, mushtarak qarashlari va oʻzaro manfaatli hamkorlikka boʻlgan intilishi alohida eʼtiborga molik, — dedi Eron vitse-prezidenti. — Biz biotexnologiya sohasidagi startap va ilmiy loyihalarni moliyalashtirish orqali olimlarimizning birgalikda ilmiy ishlar bilan shugʻullanishlari, shuningdek, ilmiy ishlar natijalarini tijoratlashtirishlari uchun sharoit yaratib berish orqali startap loyihalar doirasida innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish koʻlamini oshirishga tayyormiz. Bu sohaga investitsiya kiritilishi har ikki davlat manfaatlariga mos tarzda innovatsion tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman.

Oʻz navbatida, Ibrohim Abdurahmonov mart oyida Eronga amalga oshirgan safari natijasida Eronning ilmiy va innovatsion sohalarda faoliyat yuritayotgan 20 dan ortiq kompaniyalari, ilmiy tadqiqot muassasalari, innovatsion infratuzilma obyektlari bilan hamkorlik oʻrnatilganini va S. Sattoriyning Oʻzbekistonga tashrifi mana shu hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatini berishini taʼkidladi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining joriy yilning 14 – 17-mart kunlari Eron Islom Respublikasiga tashrifi doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Eron Fan va texnologiyalar boʻyicha vitse-prezidenti apparati oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. 

Mazkur tashrif doirasida 25 ta, jumladan Eron davlat idoralari bilan 7 ta, ilmiy tashkilotlar bilan 3 ta hamda xususiy kompaniyalar bilan 15 ta uchrashuvlar oʻtkazilib, ilgʻor tajribalarini oʻrganish va yangi texnologiyalarni transfer qilish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan.

Eron Islom Respublikasi Prezidentining ilm-fan va texnologiyalar boʻyicha Vitse-prezidenti S. Sattoriyning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida joriy yilning 20-iyul kuni Eronning Fan, tadqiqotlar va texnologiyalar vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston — Eron fan va innovatsiya forumi” oʻtkaziladi. Mazkur forum doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi binosining koʻrgazmalar zalida “Oʻzbekiston va Eron innovatsion kompaniyalari va startaplari mahsulotlari koʻrgazmasi” tashkil etiladi. Unda ikki mamlakat korxona va tashkilotlarining innovatsion ishlanma va mahsulotlari namoyish etiladi.

Mazkur koʻrgazmada Eron tomonidan tibbiyot, chorvachilik, oziq-ovqat va boshqa turli xil sohalarda faoliyat yurituvchi 35 ta yetakchi innovatsion kompaniyalar oʻzlarining innovatsion mahsulot va loyihalari bilan qatnashadi. Oʻzbekiston va Eron mamlakatlarining ishbilarmonlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, tibbiyot, axborot texnologiyalari va oziq ovqat sanoati kabi yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida Koʻrgazma doirasida ikki mamlakat ishbilarmon vakillari oʻrtasida “B2B” uchrashuvlar tashkil etiladi.

Eron Fan, texnologiya va innovatsiyalar boʻyicha vitse-prezidenti S. Sattoriyning respublikamizga rasmiy tashrifi oʻzaro hamkorlik aloqalarimizning amaliy mexanizmlarini kuchaytirishga hamda kelgusida innovatsion faoliyatning istiqbolli yoʻnalishlarida yangi kelishuvlarga erishishga imkon beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер