Oʻzbekiston va BMT keng koʻlamli sheriklikni kengaytiradi

06:55 24 Sentyabr 2025 Siyosat
85 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha milliy vazifalarni amalga oshirish doirasida BMT bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Antoniu Guterrishni BMTning yubiley sessiyasi bilan samimiy tabriklab, uning tashkilot tizimini zamonaviy voqelikka mos ravishda isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qatʼiy qoʻllab-quvvatladi.

Oʻzbekiston va BMT sherikligida misli koʻrilmagan yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 160 dan ortiq dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Oktyabr oyida besh yilga moʻljallangan yangi Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Oʻzbekiston EKOSOS, Inson huquqlari boʻyicha qoʻmita, Statistika komissiyasi kabi nufuzli tuzilmalarga aʼzo etib saylandi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan ertaga BMT bosh qarorgohida bolalar saratoni va boshqa ogʻir kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha yuqori darajadagi forum boʻlib oʻtadi. Samarqand shahrida YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Antoniu Guterrish Oʻzbekiston Prezidentining Bosh Assambleyaning yubiley sessiyasidagi nutqiga yuksak baho berib, uning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt, yoshlar, maʼrifatparvar islom dini va boshqa sohalarda global hamkorlikni ilgari surish borasidagi tashabbuslari muhimligini alohida taʼkidladi.

Suhbat chogʻida dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ustuvor yoʻnalishlarda keng koʻlamli sheriklikni rivojlantirish, hamkorlikning yangi dastur va loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер