Oʻzbekiston va Birlashgan millatlar tashkiloti: Inson qadri-qiymati yoʻlidagi 30 yillik hamkorlik

16:36 02 Mart 2022 Siyosat
1745 0

Arxiv surat

1992-yil 2-mart kuni mustaqil Oʻzbekiston davlati dunyodagi eng nufuzli tashkilot Birlashgan Millatlar Tashkilotining teng huquqli aʼzosi boʻldi, uning Nyu-York shahridagi qarorgohida mamlakatimizning davlat bayrogʻi hilpiray boshladi.

BMTning xalqaro munosabatlardagi roli

Bugungi murakkab sharoitlarda, miqyosiga koʻra misli koʻrilmagan qurolli ziddiyatlar hamda xalqaro darajada tinchlik va barqarorlikka oshib borayotgan tahdid sahnida tinchlik va xavfsizlikni, barqarorlikni, inson huquqlarini himoya qilish va tizimli taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirishni maqsad qilgan universal xalqaro tuzilma sifatida BMTning roli va masʼuliyati ortib bormoqda. 

75 yildan koʻproq vaqt oldin tashkil etilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti hozirgi vaqtda 193 davlatni birlashtirgan. Katta va kichik, boy va kambagʻal davlatlar, turli siyosiy qarash va tuzilmaga ega mamlakatlar BMT aʼzolari boʻlishi mumkin, ularning barchasi ovoz berish va bu jarayonda ishtirok etish huquqiga ega. 

BMT tizimida oltita bosh organ boʻlib, ularning beshtasi — Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash,  Vasiylik Kengashi va Kotibiyat Nyu-Yorkdagi qarorgohida faoliyat koʻrsatadi, Xalqaro sud  — Gaaga (Niderlandiya)da joylashgan. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsad va faoliyati 1945-yil 26-iyunda San-Fransisko shahrida 50 ta mamlakat tomonidan imzolangan BMT Ustavida bayon etilgan maqsad va prinsiplar asosida belgilanadi. 1945-yilning 24-oktyabrida kuchga kirgan Ustavda BMT strukturasi hamda bahs va nizolarni hal qilishning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. 1948-yildan boshlab ushbu ahamiyatli sana BMT kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Eʼtiborlisi shundaki, BMT Ustavi inson huquqlarini himoya qiluvchi ilk xalqaro hujjat boʻlib, global qoʻllab-quvvatlovga erishdi. Uning inson huquqlari toʻgʻrisidagi qoidalari uch yil oʻtib, 1948-yili Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida oʻz aksini topdi.

Oʻzbekistonning BMT bilan hamkorligi dinamikasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, “1945-yilda tashkil etilganidan buyon BMT xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishda markaziy muvofiqlashtiruchi rol oʻynaydigan chinakam universal xalqaro tuzilmaga aylandi”.

Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilagan dunyoning asosiy xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikka katta ahamiyat qaratadi. Davlatimiz BMT Ustavi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq boʻlib, oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni ogʻishmay bajarib kelmoqda. 

BMTning teng huquqli va toʻlaqonli aʼzosi sifatida Oʻzbekiston tenglik, hamkorlik, koʻptomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga soʻzsiz amal qilishini namoyish etmoqda. Soʻnggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, yangi global qurolli toʻqnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, global muloqot va harakatlar hamda butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi gʻoyalarni faol ilgari surmoqda. 

Oʻzbekiston BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari, jumladan, Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, YUNESKO, Jahon oziq-ovqat tashkiloti, Jahon banki, MAGATE va boshqalar ishida faol ishtirok etib kelmoqda. 

1993-yilning 24-oktyabrida Toshkentda BMT vakolatxonasi ochildi. Oʻzbekistonda BMTning oʻndan ortiq dasturlari, fondlari va agentliklari, shu jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik fondi (YUNFPA), Bolalar fondi (YUNISEF), Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, OIV/OITS boʻyicha birlashgan dastur, Gender tenglik, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari boʻyicha tuzilmalari faoliyat koʻrsatmoqda.

Turli yillarda Oʻzbekistonga BMT Bosh kotiblari — Kofi Annan, Pan Gi Mun, 2017-yili amaldagi Bosh kotib Antoniu Guterrish tashrif bilan kelishgan.  

Oʻzbekiston BMTning teng huquqli aʼzosi sifatida uning maqsad va Ustaviga qatʼiy rioya etadi, oʻz ovozi va maqomidan foydalanib, BMT faoliyatining barcha sohasiga doir oʻta muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surmoqda. 

Oʻzbekistonning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonalari Nyu-York (AQSH), Jeneva (Shveysariya)dagi BMT boʻlimlari huzurida va boshqa xalqaro tashkilotlarda hamda Vena (Avstriya)dagi BMT boʻlimida faoliyat koʻrsatmoqda. 

Oʻzbekistonning BMT bilan hamkorligi soʻnggi besh yilda mutlaqo yangi darajaga koʻtarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, 2020-yil 25-sentyabrda videokonferensiya shaklida tashkil etilgan 75-yubiley sessiyasida, shuningdek, 2021-yilda BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida onlayn formatda va Bosh Assambleyaning 76-sessiyasida maʼruza qildi. Ularda Oʻzbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, taʼlim, maʼnaviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalarga taalluqli tashabbuslar bilan chiqdi.  

Oʻzbekistonning keyingi yillardagi saʼy-harakatlarining xalqaro eʼtirofi BMT Bosh Assambleyasida quyidagi rezolyutsiyalarning qabul qilinishida yaqqol namoyon boʻldi:

  •  “Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”;
  •  “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik”;
  •  “Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot”;
  •  “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish”.

Shu bilan birga, BMT shafeligida xalqaro anjumanlar tashkillashtirildi. Xususan, 2017-yilning noyabrida Samarqandda “Markaziy Osiyo: bir oʻtmish va umumiy kelajak, barqaror taraqqiyot va oʻzaro farovonlik yoʻlida hamkorlik” konferensiyasi, 2018-yili martda Toshkentda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida, 2021-yilda Xivada “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumlari oʻtkazildi. 

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari oʻtkazildi. Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondi tuzildi. BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida “Pandemiya davridagi davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari xalqaro kodeksi” tasdiqlandi, unda har bir davlatning fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi kerakligi belgilangan. 

Inson huquqlari — hamkorlikning muhim yoʻnalishi

Oʻzbekistonda inson huquqlari himoyasi BMT bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida koʻriladi. Bugun mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgan, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlari va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlamoqda. Eng muhimi, jamiyatda Konstitutsiyaga va mamlakat qonunlariga hurmat qaror topmoqda.

“Inson shaʼni va qadr-qimmati yoʻlida” ustuvor prinsipi hayotda oʻz tasdigʻini topmoqda. “Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”, deya taʼkidlaydi Oʻzbekiston rahbari.

Oxirgi yillarda Oʻzbekistonga BMTning inson huquqlari boʻyicha sobiq  Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn, diniy erkinlik yoki eʼtiqodlar masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachi Ahmad Shaxid, sudya va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachi Diyego Garsiya-Sayan, shuningdek, terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish va ragʻbatlantirish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachi Fionnuala Ni Aolayn tashrif buyurdi.

2017-yilning sentyabrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida davlatimiz rahbari muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Ular orasida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini tashkillashtirish va BMTning yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish takliflari bor. 

2018-yilning 22-23-noyabr kunlari Samarqandda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy chaqiriqlar va reallik” Osiyo forumi boʻlib oʻtdi, unda 20 ga yaqin xalqaro tashkilotlar vakillari hamda dunyoning 30 dan ziyod mamlakatlaridan ekspertlar ishtirok etdi. Oʻshanda qabul qilingan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. 

2020-yilning 12-13-avgust kunlari “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” Samarqand veb-forumi oʻtkazildi.  Shu nomdagi Samarqand rezolyutsiyasi BMTning rasmiy hujjati sifatida qabul qilindi. 

Oʻzbekiston barqaror taraqqiyot sohasida BMT bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. BMTning 2030-yilgacha kun tartibida boʻlgan masalalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston hukumati tomonidan 2030-yilgacha davrni qamrab olgan barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar qabul qilindi, 16 ta milliy maqsad va 125 ta vazifa tasdiqlandi. Milliy maqsad va vazifalarning implementatsiyasi boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi, Parlament komissiyasi va hukumat huzurida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi. Ilk bor Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish boʻyicha Ixtiyoriy milliy obzor taqdim etildi. 

Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi va Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosining besh yillik “yoʻl xaritalari” hisoblanadi. 2021-yilning iyunida Buxoro shahrida Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” xalqaro forumi oʻtkazildi. “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish” borasidagi tashabbusimizning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan rezolyutsiya koʻrinishida qabul qilinishi boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda. 

Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi boʻlib inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar tizimini tashkil etdi. Parlament Ombudsmani, Bolalar Ombudsmani, Biznes-Ombudsman va Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz ushbu tizimga kiradi. 

Majburiy va bolalar mehnatini bartaraf etish sohasidagi ishlar holati tubdan oʻzgardi. Qiynoqlarning oldini olish milliy preventiv mexanizmini takomillashtirish boʻyicha qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. 

BMTning fuqaroligi yoʻq shaxslar sonini qisqartirish borasidagi chaqiriqlariga javoban 2020-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan boʻlib, uning asosida 70 mingdan ziyod fuqaroligi yoʻq shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari deb tan olindi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mamlakatimizni “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi yangi qonuni qabul qilinishi bilan tabriklar ekan, “Oʻzbekiston ilgari fuqaroligi yoʻq shaxslarga fuqarolik bergan holda, aholining zaif qatlamlari hayotini yaxshilamoqda. Ushbu voqea dunyoning barqaror rivojlanish sohasida maqsadlarga erishish boʻyicha oʻn yillik harakatlarini boshlayotgan bir paytda, Oʻzbekistonning hech bir insonni hal etilmagan muammo bilan yolgʻiz tashlab qoʻymaslikning qatʼiy tarafdori ekanini koʻrsatdi”, deya qayd etdi.

Ayni vaqtda mamlakatimizda qonunchilik ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yoʻnalishlarini, inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarni, shuningdek, BMT Ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda takomillashtirilmoqda. 

Oʻzbekiston BMTning inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarligi boshqarmasi bilan samarali hamkorlik va muntazam muloqotni yoʻlga qoʻygan. Mazkur boshqarma bilan hamkorlikda 2020-yilning iyunida birinchi marta Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiyasi qabul qilinib, izchillik bilan amalga oshirilmoqda. U BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va shartnomaviy qoʻmitalarining tavsiyalarini amalga oshirishni koʻzda tutadi. Milliy strategiyani qabul qilishda nafaqat ekspert doiralarning, balki keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarning fikri ham inobatga olingan. 

Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya doirasida gender tenglik, soʻz va din erkinligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish borasida aniq choralar qabul qilingan, jumladan:

  • 2021 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi;
  • “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi yangi qonun qabul qilindi;
  • 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi;
  • Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasi tashkil etildi;

Oʻzbekistonda 2025-yilgacha davlatning yoshlarga oid siyosatini rivojlantirish Konsepsiyasi amalga oshiriladi, u BMTning “Yoshlar — 2030” strategiyasida bayon etilgan “Yoshlar bilan ishlash yoshlar manfaatida” prinsipiga asoslangan. 

Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiyani amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari faol qatnashmoqda. Inson huquqlari sohasida biznes hamjamiyatning masʼuliyatini, jumladan, “Biznes va inson huquqlari” Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish yoʻli orqali kuchaytirish ishlari olib borilmoqda. 

Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha BMTning shartnomaviy organlari tizimini mustahkamlash yuzasidan hukumatlararo jarayonlarni qoʻllab-quvvatlaydi va davlatning hisobdorlik qobiliyatini rivojlantirish hamda shartnomaviy organlarning mulohazalarini bajarishga intiladi. Oʻzbekiston Respublikasi BMTning shartnomaviy organlariga milliy maʼruzalari (41 ta maʼruza)ni oʻz vaqtida taqdim etmoqda. Xususan, joriy yilning fevralida Ayollarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qoʻmitasi Oʻzbekistonning Oltinchi davriy maʼruzasini, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar boʻyicha qoʻmitasi Uchinchi davriy maʼruzasini eshitdi. 

Inson huquqlari boʻyicha BMT kengashida aʼzolik: hamkorlik istiqbollari

Maʼlumki, 2020-yilning 24-fevralida BMT Bosh kotibi A. Guterrish “Yuksak intilish: inson huquqlari uchun harakatga chaqiriq” degan tashabbusni ilgari surdi. “Chaqiriq”ning eng muhim mohiyatidan biri — fuqarolik jamiyatini kuchaytirish, gender tenglikni taʼminlash, erkak va ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda, shuningdek, axborot erkinligida tengligiga erishish zaruriyati hisoblanadi. 

BMTning mazkur tashabbusi Oʻzbekistonning ayni sohalarda amalga oshirayotgan islohotlari bilan hamohang. Zero, inson huquqlarini taʼminlamasdan turib, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar taraqqiyoti yoʻlidagi muammolarini yechish imkonsiz. 

2019-yilning 13-oktyabrida Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan saylovlarda BMT Bosh Assambleyasining delegatlari tashkilotning bosh huquq himoyasi organi — Inson huquqlari kengashining yangi 15 aʼzosini sayladi. Oʻzbekiston tarixda birinchi marta 2021 — 2023-yillardagi davr uchun kengash aʼzoligiga saylandi. Mamlakatimiz aʼzoligi uchun BMTga aʼzo 193 davlatning 169 tasi ovoz berdi. 2022-yilning yanvaridan Oʻzbekistonning BMTning Jenevadagi idorasi vakili Inson huquqlari boʻyicha kengashning raisi oʻrinbosarligiga saylandi. 

Inson huquqlari boʻyicha BMT kengashi butun dunyo boʻylab mazkur sohadagi vaziyatni nazorat qilar ekan, davlat rahbarlariga tavsiyalarini berib boradi. Ushbu xalqaro organga kirgan har bir mamlakat inson huquqlari sohasida namuna boʻlishi kerak. Inson huquqlari boʻyicha kengashga kirgan va eʼtirofga sazovor boʻlgan Oʻzbekiston oʻz majburiyatlarini masʼuliyat bilan bajarmoqda. 

Oʻzbekiston BMTning inson huquqlarini himoya qilish organlari bilan, ayniqsa, barcha davlatlarga ularning inson huquqlari bilan bogʻliq tegishli vaziyati baholanayotganda teng va kamsitilmagan muomalani taʼminlayotgan, Inson huquqlari boʻyicha kengashning universal davriy obzori mexanizmi bilan muntazam va samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. 

2018-yilda Oʻzbekiston Universal davriy obzorning uchinchi jarayonini bosib oʻtdi, uning natijasi oʻlaroq ikki yuzdan ziyod tavsiyalar qabul qilindi. 

Uzoq yillardan beri yuqori martabali Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi har yili fevral-martda Jenevada oʻtkaziladigan Inson huquqlari boʻyicha kengashning yuqori darajadagi Segmentida qatnashadi. 

2021-yili inson huquqlari boʻyicha BMT kengashining 46-sessiyasining oliy darajadagi Segmentida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchi marta nutq soʻzladi va Oʻzbekistonning inson huquqlari va gender tenglikka erishish sohasida BMT bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning yangi qirralarini belgilab berdi. 

Inson huquqlari boʻyicha kengashning aʼzosi sifatida olgan majburiyatlari doirasida:

  • Oʻzbekiston Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT Konvensiyasini ratifikatsiya qildi;
  • oʻtgan yilning dekabrida Markaziy Osiyo mamlakatlari lider ayollarining Muloqoti doirasida fuqarolik jamiyatining ayollar tashkilotlari, shuningdek, “BMT-ayollar” tuzilmalari ishtirokida mintaqaviy forum boʻlib oʻtdi;
  • Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” Inson huquqlari boʻyicha kengashning rezolyutsiyasi qabul qilindi;
  • 2021-yilning avgustida “Yoshlarni global harakatlarga jalb etish” mavzuida inson huquqlari boʻyicha Butunjahon konferensiyasi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston BMTning inson huquqlari boʻyicha taʼlim Butunjahon dasturida faol qatnashmoqda. Mazkur dasturning toʻrtinchi bosqichi doirasida inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida Milliy dasturning loyihasi ishlab chiqildi. Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi bilan birgalikda bu yil “Inson huquqlari sohasida taʼlim” global forumini oʻtkazish rejalashtirilmoqda. 

Oʻzbekiston, shuningdek, Osiyo mintaqasida inson huquqlari boʻyicha mintaqaviy mexanizmni yaratishga koʻmaklashishni davom ettirish niyatida. 

Soʻnggi yillarda biz BMTning maxsus protseduralari bilan oʻzaro hamkorlikda sezilarli ilgari siljishga erishdik. Barcha mandat egalariga mamlakatimizga tashrif buyurish uchun doimiy taklifnoma yoʻllandi. Shubhasiz, ular bilan birgalikdagi ishlar Oʻzbekistondagi islohotlarni amalga oshirishda yaxshigina asos boʻladi. 

Bugun toʻliq ishonch bilan aytish mumkin, Oʻzbekiston va BMT oʻrtasida oʻtgan 30 yillik munosabatlar muhim voqealarga boy boʻldi va barcha yoʻnalishda dinamik rivojlanib bormoqda. Oʻzbekistonning BMT doirasida ilgari surgan barcha taklifi yalpi xavfsizlik va tinchlik, barqaror taraqqiyot hamda inson huquqlarini himoya qilishga erishishni taʼminlash ishiga ulkan amaliy hissa boʻlib qoʻshiladi. Mamlakatimiz BMT bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni Inson huquqlari boʻyicha kengashning faol aʼzosi sifatida ham yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga sodiq boʻlib qolaveradi. 

Akmal SAIDOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?