Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida qanday muhim shartnomalar imzolandi?

10:54 14 Yanvar 2025 Jamiyat
79 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi arafasida Abu-Dabi shahrida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha 15 ta hamkorlik hujjati imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlum qildi.

Bunda qoʻshma loyihalarni imzolash marosimi oʻtkazilib, unga Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhail Mohamed Al Mazrui boshchilik qildi.

“2021-yildan buyon BAA va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi yiliga oʻrtacha 20 foizdan koʻproqqa oshib bormoqda va 2024-yil yakuniga koʻra bu koʻrsatkich 650 millionga yetdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 337 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda, shundan 114 tasi qoʻshma korxona va 223 tasi 100% xorijiy korxonalardir. 2023-yilda Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirishga 1,08 milliard dollar, 2024-yilda esa 1,5 milliard dollardan ortiq BAA investitsiyalari oʻzlashtirildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, “Oʻzbekiston-BAA” investitsiya kompaniyasi tashkil etilgan boʻlib, uning investitsiya portfelida tibbiyot, geologiya, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida umumiy qiymati 192,5 million dollar boʻlgan 7 ta loyiha mavjud. 140 million dollarlik 9 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.

Erishilgan 15 ta kelishuv vazirlik va idoralar, ishbilarmon doiralar tomonidan birgalikda olib borilgan saʼy-harakatlarning mevasi boʻlib, ikki davlat oʻrtasidagi sarmoyaviy hamkorlik tarixida yangi sahifa ochishi taʼkidlangan.

Marosimda “AMEA Power”, “Masdar”, “Solar Power Shine”, “M42”, “Burjeel Holdings”, “IFFCO Group”, “TWS”, “Alserkal Group”, “Metito”, “AD Ports”, “Jetex”, “Emirates Group” va boshqa kompaniyalar bilan energetika, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmani rivojlantirish, suv taʼminoti, transport, logistika sohalarida investitsiya bitimlari va shartnomalar imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?