“Oʻzbekiston – Turkmaniston” erkin savdo zonasi ochildi

10:28 18 Noyabr 2025 Jamiyat
153 0

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamda madaniy munosabatlar yangi mazmun kasb etib, yuqori bosqichga koʻtarildi. Davlat rahbarlarining muntazam oʻtkazilayotgan oliy darajadagi uchrashuvlari ikki mamlakat oʻrtasidagi yaqin qoʻshnichilik, strategik sheriklik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekistonning Xorazm va Turkmanistonning Toshhovuz viloyatlari chegarasida barpo etilgan yangi savdo zonasining ishga tushirilishi oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda yana bir muhim amaliy qadam boʻldi.

Erkin savdo zonasi “Shovot – Toshhovuz” oʻtkazish punkti yonida, 3,1 gektar maydonda barpo etildi. Bu yerda yopiq pavilyonlar, savdo rastalari, doʻkonlar, mahsulotlarni qabul qilish va saqlashga moʻljallangan omborxonalar, mehmonxona, oshxona, avtoturargoh, tibbiyot punkti, bank filiali va valyuta ayirboshlash shoxobchalaridan iborat zamonaviy infratuzilma yaratildi. Shuningdek, “yagona darcha” tamoyili asosida fitosanitariya va veterinariya xizmatlari ham tashkil etildi. Ushbu hududda vizasiz tartibning joriy etilishi esa ikki davlat fuqarolari uchun yanada qulay sharoit yaratmoqda.

Maʼlumki, Xorazm viloyatining qoʻshni Toshhovuz viloyati bilan oʻzaro savdo aylanmasi yil sayin oʻsib bormoqda. Xorazmdan Turkmanistonga bazalt plitalari, gulqogʻoz, lak-boʻyoq mahsulotlari, quruq va hoʻl mevalar eksport qilinsa, Turkmanistondan neft va neft mahsulotlari, bitum, keramika, alyuminiy va shisha buyumlari import qilinmoqda.

— Xalqimizda “uzoqdagi qarindoshdan, yaqindagi qoʻshni yaxshi” degan naql bor, — deydi Turkmaniston Majlisi deputati Jeyren Qilichmuradova. — Darhaqiqat, oʻzbek va turkman xalqlari mushtarak madaniyat, oʻxshash qadriyatlar, urf-odatlar va teran tarixiy ildizlar bilan bogʻlangan. Asrlar davomida ikki qardosh el bir daryodan suv ichib, savdo-sotiq qilib, madaniyatini boyitib kelgan. Tili, dili va dini bir boʻlgan bu xalqlar quda-anda boʻlib, yonma-yon hayot kechirgan. Yangi savdo zonasining ish boshlashi oʻzaro savdo hajmini oshirish bilan birga, xalqlarimiz oʻrtasidagi mehr-oqibat, oʻzaro hurmat va hamjihatlikni ham mustahkamlaydi.

Darhaqiqat, tadbirkorlarning mazkur erkin savdo zonasiga boʻlgan qiziqishi katta. Chunki bu hududda Oʻzbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni chakana savdoga qoʻyish uchun “Erkin bojxona zonasi” rejimi amal qiladi. Bu esa oʻzaro savdoni kengaytirishga kuchli ragʻbat beradi.

— Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan ikki davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalar azaldan rivojlangan, — deydi Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Rahimboy Sherjonov. — Bugungi kunda ham davlatlararo uchrashuvlar, ishbilarmon doiralar muloqotlari hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng quvonarlisi, ikki xalqning yaqin qoʻshnichilik munosabatlarida yangi davr boshlanmoqda. Chegara hududida ish boshlagan yangi savdo zonasi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirib, xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro tushunish va ogʻizbirchilikni taʼminlashga masʼul boʻladi. Natijada hududlararo savdo aylanmasi yanada ortib, iqtisodiy hamkorlik chuqurlashadi va mintaqa barqarorligi hamda taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratiladi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?