Suv polosi boʻyicha jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi 13-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu eng yaxshi natija

12:02 16 Oktyabr 2021 Sport
1671 0

Isroilning Netaniya shahrida suv polosi boʻyicha yoshlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan jahon chempionati oʻzining hal qiluvchi pallasiga kirdi. Kecha boʻlib oʻtgan bahslarda 13-16-oʻrinlarni band etgan terma jamoalar nomi maʼlum boʻldi.

Mazkur oʻrinlar uchun Oʻzbekiston, Slovakiya, Peru va JAR terma jamoalari oʻzaro bahs yuritishdi. Dastlab Oʻzbekiston termasi perulik vaterpolchilarni 11:3 hisobida magʻlub etdi. Ikkinchi oʻyinda esa JAR terma jamoasi slovakiyaliklar ustidan 13:10 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa Oʻzbekiston terma jamoasi 13-14 oʻrinlar uchun afrikalik vaterpolchilarga qarshi bahs yuritadigan boʻldi.

Eʼtiborlisi, JAR terma jamoasiga qarshi kechgan oʻyinda qizlarimiz oʻz irodalarini namoyish etishdi va 12:9 hisobi bilan gʻalaba qozonib, Oʻzbekiston suv polosi tarixida yangi sahifa ochishdi. Taʼkidlash kerak, hali vaterpolchilarimiz Jahon chempionatlari tarixida 13-oʻrinni egallashmagan edi.

Jahon chempionati medallari uchun kurash esa Italiya, Ispaniya, Gretsiya va Vengriya terma jamoalari oʻrtasida kechadi. Yarim finalda italiyalik qizlar Ispaniya termasiga qarshi bahs olib borishsa, ikkinchi juftlikda Gretsiya — Vengriya oʻzaro kuch sinashadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?