Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi oʻz faoliyatini sarhisob qildi

14:33 30 Dekabr 2019 Jamiyat
2137 0

2019-yil 28-dekabr kuni Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Komissiya aʼzolari, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi Raisi, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda Komissiyaning 2019-yildagi faoliyati hamda 2020-yil uchun ish rejasi koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori bilan tuzilgan edi. Gender tenglik – samarali iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning omili. Shu bois mamlakatimizda xotin-qizlarning oʻz imkoniyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarishlari uchun barcha shart- sharoitlarni taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida Komissiya tomonidan hamkor tuzilmalar bilan birgalikda mamlakatda gender tenglikni taʼminlash va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilash, oila institutini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish, shuningdek ayollar huquqiy madaniyatini oshirish kabi yoʻnalishlarda qator amaliy ishlar olib borildi.

Xususan, joriy yilda mamlakatimizda bu borada muhim qadamlar qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi, Senatda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tuzildi.

Qonunlarning ijrosini taʼminlash va aholi orasida ularni keng targʻib qilish – Komissiya faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Jumladan, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiqlashtirildi. Komissiya tomonidan qator nufuzli halqaro tashkilotlar bilan birgalikda xalqaro forum, turli anjumanlar, shuningdek “Biz zoʻravonlikka qarshimiz” shiori ostida aksiyalar tashkil etildi.

Shuningdek, himoya orderini berish tartibini joriy qilish va amaliyotga tatbiq qilish maqsadida xorijiy tajriba oʻrganilib, uning loyihasi ishlab chiqildi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.

Shu bilan bir qatorda, ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berishda idoralararo hamkorlik standartlarini mahalliy sharoitga moslashtirish boʻyicha ishchi guruh tashkil etildi. Uning aʼzolari tomonidan sogʻliqni saqlash, huquqni muhofaza qilish, psixologik-ijtimoiy koʻmak koʻrsatishning minimal standartlarini joriy etilishi yuzasidan xalqaro tajriba oʻrganilmoqda. Bundan tashqari, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan “Oʻzbekistonda gender tenglik sohasidagi muammolar” mavzusida ijtimoiy soʻrov oʻtkazildi.

Oʻtgan qisqa davrda Komissiya tomonidan joylarda 197 ta Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi tashkil etildi. Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan 1454 nafar xotin-qizning uy-joy uchun boshlangʻich badali Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan toʻlab berildi hamda ushbu maqsadlarga 25 mlrd. 194 mln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Shuningdek, bunday toifadagi 13 mingdan ziyod ayollarning ishga joylashtirilishi taʼminlandi. Bandlik dasturiga muvofiq 250 mingdan ortiq xotin-qizlar ish bilan taʼminlandi.

Siyosiy va huquqiy bilimli, innovatsion gʻoyalarga va tashkilotchilik qobiliyatiga ega boʻlgan xotin-qizlardan iborat 6 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirilib, xotin-qizlarning joriy yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan saylovda deputatlikka nomzod sifatidagi faol ishtiroki taʼminlandi.

Majlisda taʼkidlanganidek, xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlash – ularning huquq va erkinliklarini himoya qilishning eng muhim omilidir. Shu jihatdan ayollar bandligini taʼminlashga yangi yondashuv doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda mamlakatimizning 14 ta hududida Xotin-qizlar qoʻmitalari qoshida “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” tashkil etildi. Ushbu markazlarda 27 mingdan ziyod ayollarga koʻmak koʻrsatildi. 10500 nafar ayol qisqa oʻquv kurslarida oʻqitildi. Ushbu tadbirlar natijasida 2,1 ming xotin-qizlarning ishga joylashishiga erishildi.

Majlisda xotin-qizlarning boshqaruv, biznes va tadbirkorlik sohalaridagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek oilaviy biznes va kasanachilikni rivojlantirish orqali ish bilan taʼminlash maqsadida olib borilgan ishlar ham tahlil qilindi. Bu borada erishilgan natijalar respublikamizning har bir viloyati misolida aniq raqamlar asosida koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, xotin-qizlar oʻrtasida kichik biznesni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida Buxoro va Samarqand viloyatlarida qishloq joylarda yashovchi xotin-qizlar uchun kichik grantlar ajratildi. Tanlov yakunlariga koʻra 60 dan ortiq biznes rejalar qabul qilinib, shulardan 50 tasi amalga oshirish uchun tanlab olindi.

Vazirlik va idoralarning jamiyat hayotida ayollar oʻrnini mustahkamlash, huquq va erkinliklarini himoya qilish, mehnat munosabatlarida faolligini oshirish yuzasidan kompleks dasturlar ijrosini taʼminlash boʻyicha faoliyatini tahlil qilish – Komissiya tomonidan alohida eʼtibor qaratilgan yana bir yoʻnalish boʻldi. Xususan, oʻtgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Xotin-qizlar qoʻmitasi rahbariyatining axboroti eshitildi.

Bundan tashqari, Komissiya tomonidan milliy va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda Oʻzbekistonda Gender tenglik strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Uning maqsadi mamlakatimizda ayollar va erkaklar uchun ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy sohada teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashdan iborat. Majlis doirasida uning taqdimoti oʻtkazildi.

Majlisda Komissiyaning boshqa faoliyat yoʻnalishlari ham tanqidiy nuqtayi nazardan tahlil etildi.

Soʻzga chiqqanlar taʼkidlab oʻtganlaridek, Komissiya tomonidan amalga oshirilgan har bir tadbir va keltirilgan raqamlar ortida zarur yordamga ega boʻlgan, oʻz haq-huquqlarini tanigan va shu tufayli hayoti iziga tushgan xotin-qizlar taqdiri mujassam.

Muhokamada soʻzga chiqqanlar oʻz fikrlarini bildirdilar, shuningdek Komissiya qoshida xotin-qizlar klubini va NNT klubini tuzish taklifi bildirildi.

Barcha koʻrib chiqilgan masalalardan kelib chiqqan holda Komissiyaning istiqboldagi faoliyat yoʻnalishlari va vazifalari belgilab olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?