Oʻzbekiston Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshligʻi Qirgʻiz Respublikasi harbiy delegatsiyasini qabul qildi

Mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Qirgʻiz Respublikasi Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshligʻi general-mayor Erlis Terdikbayev Mudofaa vazirligida Oʻzbekiston mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshligʻi general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida har ikki davlat Qurolli Kuchlari Bosh shtab boshliqlari Oʻzbekiston va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida oʻrnatilgan doʻstona munosabatlarga alohida toʻxtalib, kelgusida uning doirasi yanada kengaytirilishiga ishonch bildirishdi. Uchrashuv davomida Qirgʻiz Respublikasi harbiy xizmatchilarini Oʻzbekiston oliy harbiy taʼlim muassasalarida taʼlim olishini tashkillashtirish borasida imzolangan bitim shu yoʻlda tashlangan navbatdagi qadam boʻlganligini taʼkidlash oʻrinli.
Shundan soʻng faxriy mehmonlar general-mayor Sh. Xolmuhamedov hamrohligida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurishdi. Akademiya boshligʻi polkovnik Bobur Shoyoqubov tomonidan mehmonlarga taʼlim maskani yaqindan tanishtirildi.
– Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrifim bugungi imzolangan hamkorlik shartnomasi uchun juda muhim. Chunki mintaqamizdagi yetakchi oliy harbiy taʼlim muassasasidagi sharoitlar bilan yaqindan tanishish kun tartibiga kiritilgan eng asosiy vazifalardan biridir. Davlatlarimiz Mudofaa vazirliklari oʻrtasida harbiy taʼlim sohasida hamkorlikning yangi bosqichi aynan shu taʼlim maskani bilan bogʻliq holda boshlanishi oʻziga xos ahamiyatga ega, – dedi general-mayor Erlis Terdikbayev.
Qurolli Kuchlar akademiyasidagi shart-sharoitlar, oʻquv jarayonlari va eksponatlar bilan tanishish chogʻida Erlis Terdikbayev hukumatimizning harbiy taʼlim sohasiga qaratayotgan eʼtiboriga yuqori baho berdi.
Kunning ikkinchi yarmida Qirgʻiz Respublikasi Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshligʻi Oʻzbekiston Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasiga qarashli korxona va Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodida ham boʻldi.
General-mayor Erlis Terdikbayevning mamlakatimizdagi amaliy tashrifi uch kun davom etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Taekvondochilarimiz klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini 14 ta medal bilan tugatishdi
- Duatlon: eng kuchlilar ma’lum bo‘ldi
- Sambo: vakillarimizning xalqaro turnirdagi muvaffaqiyati
- Oʻzbekistonlik bokschilar Osiyo chempionatida 27 ta medalga ega chiqdi
- 2025-yilgi FIDE Jahon rapid va blits chempionati Qatarda oʻtkaziladi
- Og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlanmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring