Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki delegatsiyasi bilan yangi hamkorlik dasturini muhokama qildi

19:59 30 Sentyabr 2021 Siyosat
753 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-sentyabr kuni Toshkent iqtisodiy forumi doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va ushbu yetakchi xalqaro moliya instituti oʻrtasidagi strategik sheriklikning ustuvor loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Bank delegatsiyasining joriy yil may oyida mamlakatimizga tashrifidan keyingi davrda oʻzaro hamkorlikda erishilgan amaliy natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, qoʻshma “yoʻl xarita”si qabul qilindi va bugungi kunda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ishchi guruhlari shakllantirildi.

Oʻrta shaharlarni rivojlantirish, elektr energetikasi tarmogʻini modernizatsiya qilish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish borasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli shartlarda qarz taqdim etish maʼqullandi.

Umuman olganda, bugungi kunda Jahon bankining 4,8 milliard dollarlik moliyaviy resurslarini jalb etgan holda amalga oshirilayotgan 26 ta loyiha hamkorlik portfelini tashkil etadi.

Shuningdek, kambagʻallikka qarshi kurashishning metodologik asoslarini tayyorlash, xususiy sektorning investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, davlat korxonalari islohotini davom ettirish va Oʻzbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirish boʻyicha birgalikdagi ishlarning natijalari koʻrib chiqildi.

Jahon banki tashabbusi bilan ishga tushirilgan xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik boʻyicha “Mamlakat platformasi” oʻz samaralarini berayotgani taʼkidlandi.

Vitse-prezident Anna Berde Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning borishini yuksak baholadi, ular ortga qaytmas tus olganini qayd etdi.

Jahon banki mamlakatimizda turmush darajasi va sifatini yuksaltirishga qaratilgan yangilanishlarga koʻmakni kengaytirishga tayyor ekanligi taʼkidlandi.

Suhbat chogʻida hamkorlikning yangi besh yillik dasturini tayyorlash va qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bu borada kambagʻallikni qisqartirish, taʼlim va ijtimoiy sohani qoʻllab-quvvatlash, raqamlashtirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, davlat korxonalari transformatsiyasini davom ettirish, hududlarda industriallashuvni tezlashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloq xoʻjaligini, shu jumladan innovatsiyalar va tomchilab sugʻorish texnologiyasini keng joriy qilish orqali jadal rivojlantirish kabi strategik yoʻnalishlar ustuvor masalalar sifatida belgilab olindi.

Jahon banki vakillarining mintaqada tadbirkor-ayollar muloqoti boʻyicha yangi koʻp tomonlama platformani shakllantirish borasidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Boʻlajak tadbir va muloqotlar rejasi koʻrib chiqildi, qoʻshma loyihalarni jadallashtirishning birinchi galdagi choralari kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?