Oʻzbekiston Prezidenti Qirgʻiziston bilan hamkorlikdagi loyihalarni jadallashtirish muhimligini taʼkidladi

03:07 10 Mart 2023 Siyosat
656 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Aqilbek Japarov davlatimiz rahbariga Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning samimiy salomini yetkazdi.

Joriy yilning yanvar oyida Bishkek shahrida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston-Qirgʻiziston keng koʻlamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, savdo, energetika, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish hamda hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Avtomobilsozlikda, paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish, elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish, foydali qazilmalar konlarini birgalikda oʻzlashtirish boʻyicha kooperatsiya loyihalarini jadal surʼatda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuvda Qambarota-1 GESni birgalikda barpo etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻli loyihasini faol tayyorlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilda parlamentlar, hukumatlar, ekspertlar, jamoatchilik va yoshlar darajasida ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish moʻljallangani taʼkidlandi.

Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?