Oʻzbekiston Prezidenti “Kelajak oʻyinlari”ning ochilish marosimida ishtirok etdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozon shahrida “Kelajak oʻyinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
“Qozon Ekspo” xalqaro koʻrgazmalar markazida boʻlib oʻtgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.
Ishtirokchilar eʼtiboriga “Kelajak oʻyinlari” dasturiga kirgan sport turlari haqida videolavha va teatrlashtirilgan sahna koʻrinishi taqdim etildi.
Davlatimiz rahbari ishtirokchilarga omad tilab, 2026-yilgi “Kelajak oʻyinlari”ni Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi.
Marosimdan soʻng oliy martabali mehmonlar maxsus koʻrgazma bilan tanishdilar. Virtual makondagi bellashuvlar va anʼanaviy sportni oʻzida mujassam etgan “fijital-sport” konsepsiyasi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Yetakchilar kibersport musobaqalarini, fijital-futbol boʻyicha mashgʻulotlar jarayonini kuzatdilar, sportdagi yangi yoʻnalishning bugungi rivoji va istiqbollari haqida hikoya qiluvchi tasviriy sanʼat namunalari va taqdimotlar bilan tanishdilar.
“Kelajak oʻyinlari” – bellashuvlar bir vaqtning oʻzida sportning anʼanaviy turlari va ularning raqamli muqobillarida oʻtkaziladigan yuqori texnologik musobaqadir. U joriy yilning 21-fevral kunidan 3-mart kuniga qadar davom etadi.
Turnirda 100 dan ortiq mamlakatdan qariyb 300 ta jamoa, shu jumladan Oʻzbekiston vakillari ishtirok etmoqda. Yurtdoshlarimiz fijital-xokkey, virtual velopoyga, sport dasturlash kabi yoʻnalishlarda kuch sinashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozon shahriga amaliy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi.
Tashrif davomida davlatimiz rahbari Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv oʻtkazdi hamda “Kelajak oʻyinlari” xalqaro multisport musobaqasining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Abdulla Toʻqay nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Tatariston Raisi Rustam Minnixanov kuzatib qoʻydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring