Oʻzbekiston Orol ekotizimini tiklash uchun ICBA bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi

21:00 11 Fevral 2025 Jamiyat
280 0

Innovatsion rivojlanish agentligi Orol dengizi qurigan tubi ekotizimini tiklashda Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.

Ayni paytda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida xizmat safarida boʻlib turgan Agentlik delegatsiyasi ICBA bilan Anglashuv memorandumini imzoladi.

Ushbu kelishuv doirasida tomonlar oʻrtasida ilmiy va ilmiy-texnik maʼlumotlar, materiallar, nashrlar va boshqa tegishli maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, oʻzbekistonlik yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun ilmiy stajirovkalar tashkil etilishi, sohadagi ilmiy salohiyatni oshirish va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Orol dengizi qurigan tubi ekotizimini tiklash yoʻnalishida hamkorlik masalalari ICBA tadqiqot markazi rahbari Tarifa Alzaabi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda atroflicha muhokama qilindi.

Agentlik delegatsiyasi xizmat safari davomida ICBAning tajriba maydonlarida olimlar tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar bilan tanishdi. Shuningdek, Amirliklardagi tuproq muzeyi (Emirates Soil Museum), qurgʻoqchilik, issiqlik va shoʻrlanishga chidamli oʻsimlik turlarining germplazmasini oʻrganishga ixtisoslashgan dunyodagi eng yirik kolleksiyalardan biri hisoblangan noyob genbank faoliyatini ham koʻzdan kechirishdi.

Maʼlumot uchun: Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) 1999-yilda tashkil etilgan xalqaro, notijorat qishloq xoʻjaligi amaliy tadqiqot markazi hisoblanadi. U dunyoning 50 dan ortiq hamkorlari, jumladan, hukumat va nodavlat tashkilotlar hamda tadqiqot institutlari bilan hamkorlik qiladi. ICBA shoʻrlangan yerlarga ega boʻlgan hududlarda qishloq xoʻjaligining barqarorligini oshirishda muhim rol oʻynab, oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga hissa qoʻshmoqda. Uning tadqiqotlari 30 dan ortiq mamlakatlarda qoʻllanilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер