Oʻzbekiston neyroxirurgiyasida muhim yangilik — tutqanoq kasalligini zamonaviy usulda davolash yoʻlga qoʻyildi

14:20 17 Dekabr 2021 Jamiyat
2074 0

Soʻzlash, eshitish, koʻrish, hid va taʼm bilish, harakatlanish, imo-ishoralar hamda boshqa sezgi organlarimiz faoliyati bosh miyamizda joylashgan 12 juft nerv orqali boshqariladi. Insonning ushbu aʼzosi 100 milliard neyron va trillion hujayralardan tashkil topgan. Bu maʼlumotlar markaziy asab tizimi kasalliklari muolajasida miyaga tigʻ tekkizish naqadar murakkab amaliyot ekanligini anglatadi.

Neyroxirurgiya — ayni shu faoliyat, yaʼni miya va orqa miya, shuningdek, uning periferik boʻlimlarini operatsiya orqali davolash bilan shugʻullanuvchi jarrohlik sohasi.

— Hozirgi kunda bu yoʻnalishda mamlakatimiz boʻyicha tugʻma nuqson bilan tugʻilish, umurtqa pogʻonasi degenerativ-distrofik kasalliklari hamda markaziy nerv tizimi qon tomirlari xastaliklari eng yuqori oʻrinlarni egallaydi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Gʻayrat Kariyev. — Joriy yilning oʻtgan davrida muassamizda ana shunday bemorlarda 2401 ta operatsiya oʻtkazildi.

Joylardagi 11 ta hududiy filialimizda esa 81 turdagi neyroxirurgik jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Ularning 50 foizgacha qismini yuqori texnologik operatsiyalar tashkil etyapti. Bundan tashqari, hududlardagi davolash muassasalarining neyroxirurgiya boʻlimlarida ham shunday muolajalar yoʻlga qoʻyilgan. Natijada markazimizga murojaat qiluvchilar soni oʻtgan yilga nisbatan ikki barobar kamaydi.

Shuningdek, markazimizda turli ogʻriq sindromlarini operatsiyasiz va asoratsiz bartaraf etadigan Radiochastotalik ablyatsiya davolash uskunasi ishga tushirildi. Endovaksulyar jarrohlik amaliyoti, intraoperatsion neyromonitoring imkonini beruvchi neyrofiziologik usuldagi muolajalar yoʻlga qoʻyildi.

Eʼzoza Mamasoliyeva — 8 yosh. Poytaxtimizning Sergeli tumanida yashaydi. Yaqinda oyoqlarida harakat cheklanishi, oʻng oyoq gipotrofiyasi, bel va oyoqlardagi kuchli ogʻriq shikoyati bilan markazga murojaat qilgan. Bemorga tizimli tekshiruvlar asosida markaziy nerv tizimining tugʻma nuqsoni, orqa miyaning koʻkrak qismi diastematomiyeliya va tetring-sindromi tashxisi qoʻyildi.

Shundan soʻng unda toʻliq mikroskop ostida, intraoperatsion neyromonitoring yordamida murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Operatsiyadan keyin Eʼzozaning umumiy ahvoli yaxshilandi va nevrologik oʻchoqli belgilar yoʻqoldi.

Qolaversa, bu yerda joriy yildan boshlab tutqanoq kasalligini zamonaviy usulda davolash yoʻlga qoʻyildi. Masalan, Qozogʻiston Respublikasidan murojaat qilgan 31 yoshli Gulbol Aymaxonova shunday xastalikdan aziyat chekardi. Markazning malakali shifokorlari tomonidan unda yuqori texnologik murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Operatsiyadan soʻng bemorda nevrologik asoratlar, epileptik tutqanoq hurujlari kuzatilmadi. Bu esa Oʻzbekiston neyroxirurgiyasidagi muhim yangilikdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?