Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi mashhur kompaniya bilan hamkorlik memorandumi imzoladi

07:03 23 May 2021 Sport
1241 0

Kecha Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida «PepsiCo» kompaniyasining Oʻzbekistondagi rasmiy bottleri International Beverages Tashkent (IBT) bilan hamkorlik memorandumini imzolash tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va IBT kompaniyasining strategik rivojlantirish boʻyicha direktori Shuhrat Ergashev boshchiligida har ikki tashkilotning mutasaddi rahbarlari, shuningdek, professional boks boʻyicha WBA va IBF kamarlari sohibi, Rio-2016 sovrindori Murodjon Ahmadaliyev, sport faxriylari va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov ochib berdi.

“Muhtaram Prezidentimiz mamlakatimizda sogʻlom turmush targʻibotini kuchaytirishga juda katta ahamiyat qaratmoqdalar. Yaqinda boks va Paralimpiya sportiga oid qabul qilingan qarorlari ushbu fikrimizning isboti boʻla oladi. Turizm va sport vazirligi, federatsiya va assotsiatsiyalarimiz bilan hamkorlikda reja asosida nafaqat Tokio-2020 Olimpiadasi, balki Shantou-2021 yoshlar Osiyo oʻyinlari, Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrmoqdamiz. Bu yoʻlda IBT kompaniyasi bizni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan asosiy tashkilotlardan biri hisoblanadi. Ushbu kompaniya boks, xokkey, futbol kabi sport turlarida jamoalarimizga homiylik qilib kelmoqda. Kelajakda hamkorlikni yana-da mustahkamlashdan umidvormiz”, – dedi MOQ rahbari.

Shuningdek, tadbirda Shuhrat Ergashev ham hamkorlik memorandumi haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

“Sport mamlakatni dunyoga tanitadigan asosiy kuchlardan biri. Yirik musobaqalarda hamyurtlarimizning sharafiga bayrogʻimizning koʻtarilishi oʻzgacha gʻurur va iftixor beradi. Biz ana shunday qahramonlarimizga yordam berayotganimizdan mamnunmiz. Bizlarni hamkor deb qabul qilishgani uchun minnatdorchilik bildiramiz. 2020-yil UYEFA chempionlar ligasi kubogining Toshkentga kelishida xizmat qilgan edik. Bundan keyin hamkorlikni yanada mustahkamlashni biz ham qoʻllaymiz”, – dedi Sh.Ergashev.

Shundan soʻng har ikki tomon oʻrtasida yurtimizda Olimpiya harakati va sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga koʻra, IBT kompaniyasi professional boks boʻyicha WBA va IBF kamarlari sohibi, Rio-2016 sovrindori Murodjon Ahmadaliyev va boshqa yulduz sportchilarimiz bilan respublikada ommaviy sportni rivojlantirish va uni aholi orasida keng targʻib qilish boʻyicha birgalikda ishlashadi. Tadbirda taniqli bokschimiz va futbol boʻyicha boʻlajak Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze ham bugungi tadbir boʻyicha oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashishdi.

Shu bilan birga, International Beverages Tashkent Tashkent kompaniyasining moliyaviy koʻmagi asosida yurtimizda ommaviy sport targʻiboti, sogʻlom turmush tarzi boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston — yangi gʻalabalar” gʻoyasini mujassam qilgan targʻibot ishlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер