Oʻzbekiston Milliy arxivi kutubxonasiga 167 yillik Qurʼon nusxasi topshirildi

11:08 01 Sentyabr 2020 Madaniyat
376 0

Yaqinda Oʻzbekiston Milliy arxivida «Oʻzarxiv» agentligi bilan hamkorlikda mustaqilligimizning 29 yilligiga bagʻishlab “Mustaqil yurt arxivlari: muammo va yechimlar” mavzuida ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Unda soha xodimlari, chet ellik mutaxassislar va tadqiqotchilar oʻz maʼruzalari bilan masofadan turib ishtirok etdi.

Anjuman avvalida Toshkent shahar Chilonzor tumanida yashovchi yurtdoshimiz Munojat Eshonova uyida saqlab kelayotgan qadimiy, arab tilida yozilgan, 167-yillik tarixga ega “Kalomi Sharif” Qurʼoni nusxasini Oʻzbekiston Milliy arxivi kutubxonasi fondiga topshirishiga bagʻishlangan marosim oʻtkazildi.

Maʼlumot uchun aytish mumkin, Qurʼonni Karimning mazkur nusxasi Muhsin Soliq oʻgʻlining saʼy-harakati bilan Qozon universiteti bosmaxonasida chop etilgan. 550 sahifadan iborat. Endilikda u qayta restavratsiya qilinadi.

Anjumanda mustaqillik yillarida arxiv sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar, erishilgan yutuqlar va asosiy natijalar, yuqori malakali arxivchilarni tayyorlash masalalari koʻrib chiqildi. Arxiv boshqaruvi tizimining elektron arxivlarini yaratish va joriy etish holati va muammolari tahlil qilindi.

– Mustaqillikkacha bor-yoʻgʻi 50 ga yaqin davlat arxivi boʻlgan, – dedi «Oʻzarxiv» agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov.

– Oʻsha davrda arxiv binolariga umuman eʼtibor berilmagan. Arxiv deyilsa, barchaning koʻz oʻngiga eski, xaroba joy kelgan. Oʻsha vaqtlardagi arxivlarning moddiy-texnik bazasini gapirmasa ham boʻladi.

Istiqlolga erishgach arxivlarning binosi va moddiy-texnik bazasi tubdan rivojlantirildi. Bugungi kunda Oʻzbekiston davlat arxivlari soni 200 ga yaqinlashdi. Ularda doimiy saqlanayotgan hujjatlar 8,5 milliondan oshgan. Bu hujjatlarning ichida eng tarixiy, qimmatlisi IX asrga oid hisoblanadi.

Anjuman arxivchilar va olimlarning tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, arxivlar, muzeylar va kutubxonalar ishlarini birlashtirish uchun oʻziga xos maydonga aylandi. Yetakchi mutaxassislar arxiv sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar boʻyicha tajribalari bilan oʻrtoqlashdi, oʻz ishlarining natijalari haqida gapirib berdi. Shuningdek, tarixchi olimlar arxiv materiallari asosida maʼruzalar qildi.

Anjuman yakunida tizimda faoliyat yuritayotgan bir guruh xodimlar joriy yilda taʼsis etilgan “Soha iftixori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?