“Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidagi 50 jildlik kitob-albomlar Britaniya muzeyiga topshirildi

17:01 10 Aprel 2024 Siyosat
1628 0

Mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmanov “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidagi 50 jildlik kitob-albomlarni Britaniya muzeyiga topshirdi.

Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan taqdim etilgan kitoblarni topshirish tadbiri Britaniya muzeyi direktori Mark Jons va xodimlar ishtirokida tantanali tarzda oʻtkazildi. Unda yigʻilganlarga mazkur kitob-albomning har bir jildi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, ushbu kitoblarning har biri xorijiy davlatlar kutubxonalari va muzeylarida yoki shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan Oʻzbekiston artefaktlariga bagʻishlangan.

Tasviriy turkumga xalqaro miqyosda tan olingan durdona asarlar ham, kam maʼlum boʻlgan yoki keng jamoatchilik va mutaxassislarga mutlaqo nomaʼlum boʻlgan namunalar ham boʻlishi mumkin. Uch tildagi matn keng oʻquvchilarni qamrab olish imkonini beradi.

Oʻzbekiston nashriyot amaliyotida birinchi marta kitob-albomlarda toʻldirilgan reallik texnikasi qoʻllanilib, oʻquvchiga toʻplam yoki muayyan mavzu haqida qoʻshimcha vizual maʼlumot olish imkonini beradi.

Kitoblarni topshirish marosimidan keyin Britaniya muzeyi direktori Mark Jons bilan alohida uchrashuv oʻtkazildi.

Suhbatdosh taqdim etilgan kitob-albomlar Britaniya muzeyining muhim eksponatlar qatoridan joy egallashiga umid bildirdi. Uning aytishicha, Britaniya muzeyi Oʻzbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishdan manfaatdor.

“Britaniya muzeyi nomidan Oʻzbekistonning moddiy madaniyatini namoyish etuvchi kitoblar turkumining ushbu ajoyib taqdimoti uchun minnatdorlik bildiraman. Ushbu manbalar bizning kolleksiyamizga qimmatli eksponat boʻladi va biz ularga ega boʻlishdan juda xursandmiz.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston muzeylari bilan hamkorlikka tayyormiz”, dedi Mark Jons.

Muloqot davomida, shuningdek, Britaniya muzeyi negizida Oʻzbekiston madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, ikki mamlakat muzeylari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar 2024-yil sentyabridan 2025-yil martigacha boʻlgan davrda Britaniya muzeyida tashkil etiladigan “Ipak yoʻli” koʻrgazmasida Oʻzbekiston muzeylaridagi eksponatlarni namoyish etish boʻyicha kelishuvga erishdilar.

Britaniya muzeyi dunyodagi eng qadimiy, eng katta va eng koʻp tomoshabin tashrif buyuradigan muzeylardan biridir. Muzeyga 1753-yilda qirollik shifokori va sanʼat kollektori Xans Sloan tomonidan asos solingan. Umuman olganda, muzey koʻrgazmalarida umumiy uzunligi 4 km. boʻlgan 94 ta galereya mavjud. Hozirda Britaniya muzeyi qadimiy hashamatli kolleksiyalariga ega dunyodagi eng yirik tarixiy va arxeologik majmua hisoblanadi. Har yili muzeyga 5,5-6 million kishi keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?