Oʻzbekiston “Huquq ustuvorligi” Indeksida MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ijobiy oʻzgarishni qayd etdi

18:38 12 Mart 2020 Jamiyat
3932 0

“World Justice Project” xalqaro nohukumat tashkilotining 2019-yil yakunlari boʻyicha 2020-yil uchun Huquq ustuvorligi indeksi eʼlon qilindi.

Taʼkidlash joizki, mazkur indeksning qamrovi yildan yilga kengayib bormoqda. Xususan, 2018-yilda 119 mamlakat qamrab olingan boʻlsa, 2019-yilda 126 mamlakat, 2020-yilda esa 128 mamlakat baholandi.

Joriy yilgi Indeksda Oʻzbekiston Respublikasi maksimal 1 balldan 0,47 ball toʻplagan va 128 ta davlat ichida 92-oʻrinni egallagan va oʻtgan yilgi indeksdan 4 pogʻona yuqori natijani koʻrsatgan. Taʼkidlash joizki, joriy yilda Oʻzbekiston MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ijobiy oʻzgarishni qayd etdi.

Mazkur indeks Indeks 8 ta indikatorni qamrab oladi va unda Oʻzbekistonga quyidagi ballar berilgan:

  • hukumat vakolatlarini cheklash – 0,33;
  • korrupsiyadan holilik darajasi – 0,40;
  • hukumatning ochiqligi – 0,33;
  • fundamental huquqlar – 0,41;
  • tartibot va xavfsizlik – 0,90;
  • qonunlarga rioya qilish – 0,44;
  • fuqaroviy huquq sohasida odil sudlov – 0,51;
  • jinoiy huquq sohasida odil sudlov – 0,44.

Mazkur indikatorlar doirasida jami 44 ta subindikatorni oʻz ichiga oladi (ilova qilinadi).

Oʻzbekistonning koʻrsatkichlari Indeksning 3 ta indikatori boʻyicha, yaʼni hukumat ochiqligi komponenti boʻyicha 0,31 dan 0,33 ballga, korrupsiyadan holilik darajasi boʻyicha 0,38 dan 0,40 ballga, fundamental huquqlar komponenti boʻyicha 0,39 dan 0,41 ballga oshgan.

Joriy yilda eng yuqori oʻsish koʻrsatkichlari quyidagi yoʻnalishlarda kuzatildi:

  • fundamental huquqlarning taʼminlanganligi indikatorining “shaxsiy hayotga oʻzboshimchalik bilan aralashmaslik” subindikatori boʻyicha 0,28 ball (oʻtgan yili 0,20 ball);
  • hukumat vakolatlarini cheklash indikatorining “hukumat vakolatlarining mustaqil tekshiruvlar doirasida samarali cheklanishi” subindikatori boʻyicha 0,37 ball (0,31 ball);
  • hukumatning ochiqligi indikatorining “shikoyat berish mexanizmi” subindikatori boʻyicha 0,51 ball (0,46 ball), “axborot olish huquqi” subindikatori boʻyicha 0,29 ball (0,25 ball);
  • korrupsiyadan holilik darajasi indikatorining “qonun chiqaruvchi hokimiyatning korrupsiyadan holilik darajasi” subindikatori boʻyicha 0,46 ball (0,41 ball) “sud hokimiyatning korrupsiyadan holilik darajasi” subindikatori boʻyicha 0,44 ball (0,40 ball);
  • jinoiy odil sudlov indikatorining “jinoiy odil sudlovning diskriminatsiyadan holiligi” subindikatori boʻyicha 0,38 ball (0,34 ball).

Oʻzbekiston Respublikasida soʻnggi yillarda davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, xalq bilan muloqot qilish mexanizmlarining takomillashtirish, davlatning statistika siyosatining holisligini taʼminlash yuzasidan koʻrilgan choralar, jadal surʼatlarda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha davlat dasturlari, Oliy Majlis palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitalarining tashkil etilganligi, har bir davlat tashkilotida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki dasturlarning ishlab chiqilayotganligi, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolarning keng ishtirokini taʼminlash mexanizmlarining takomillashtirib borilayotgani, fuqarolarning shaxsiy daxlsizligini taʼminlash, sud-tergov faoliyatida protsessual meʼyorlarga rioya etilishi, sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash va tayinlash tartibining takomillashtirilishi, soʻz va fikr bildirish imkoniyatlari kengayishi, vijdon erkinligining taʼminlanishi borasidagi islohotlarni mazkur natijalarga turtki boʻlgan omil sifatida keltirib oʻtish mumkin.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning tub negizida inson huquq va manfaatlarini roʻyobga chiqarishdek aniq maqsad qoʻyilganligi hamda mazkur yoʻnalishdagi islohotlar izchil davom ettirilayotganligi, eng muhimi ularning natijasi Huquq ustuvorligi indeksini tuzish doirasida oʻtkaziladigan respondentlar va ekspertlar ishtirokidagi soʻrovlar natijasida aks etib borishi bilan kelgusi yillardagi Indekslarda ham Oʻzbekistonning oʻrni yaxshilanib borishiga ishonamiz.

Oʻz navbatida Adliya vazirligi tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida fuqarolarga va xalqaro hamjamiyatga xolis maʼlumotlarni yetkazish boʻyicha izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilib kelinmoqda va bu yoʻnalishdagi ishlar davom ettiriladi.

Adliya vazirligi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?