Oʻzbekiston — Finlyandiya: taʼlim tizimidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi

19:48 13 May 2022 Jamiyat
1591 0

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Finlyandiya rektorlar kengashi raisining oʻrinbosari, Kareliya universiteti rektori Petri Rayvo boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekiston — Finlyandiya taʼlim tizimidagi hamkorlik, ikki universitet munosabatlarini yaxshilash, SamDU ning Oʻzbekiston — Finlyandiya pedagogika institutiga finlyandiyalik professor-oʻqituvchilarni jalb qilish kabi bir qator masalalar muhokama etildi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar taʼlim tizimida oʻzining yaqqol isbotini koʻrsatmoqda, — deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. — Bugun universitetlarimiz tarkibida tashkil etilayotgan institutlar oʻsha sohaga yanada chuqurroq kirib borish imkonini bermoqda. Samarqand davlat universiteti bugun Finlyandiya taʼlim tizimining istiqbolli yoʻnalishlarini yurtimizda joriy qilish, integratsiyalashuvini jadallashtirishni oʻz oldiga maqsad qilib olgan. Oʻylaymanki, yaqin fursat ichida ushbu ilmiy hamkorligimiz oʻzining amaliy natijalarini koʻrsatadi.

— Bugun Samarqandga ilk marta kelish baxtiga muyassar boʻldim, — deydi Finlyandiya rektorlar kengashi raisining oʻrinbosari Petri Rayvo. —Tarixchi boʻlganligim bois ushbu qadimiy shahar menda ajoyib taassurot qoldirdi. Agar Samarqandni uch soʻz bilan taʼriflash mumkin boʻlsa, chiroyli, qadimiy va ilmiy shahar, degan boʻlardim. Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning fikrlari menga juda yoqdi. Biz birgalikda professor-oʻqituvchilar hamda doktorantlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, birgalikda samarali ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish yuzasidan kelishib oldik.

Yana shuni aytishim mumkinki, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda oʻzini dunyoga ochib, har sohada hamkorlikni rivojlantira oldi. Yurtingizda boʻlayotgan oʻzgarishlar menda juda ajoyib taassurot qoldirdi. Finlyandiyaga qaytishim bilanoq, hamkasblarim hamda yurtdoshlarimga Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar haqida soʻzlab beraman.

Tashrif doirasida Finlyandiya delegatsiya Samarqandning tarixiy qadamjolari — Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, xususan, Mirzo Ulugʻbek madrasasining tarixi, faoliyati bilan tanishdi.

Otabek SAʼDULLAYEV,

SamDU axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер