Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi: oʻzaro munosabatlarning yangi bosqichi

05:54 15 Aprel 2021 Siyosat
1062 0

Oʻzbekistonda Prezidentimiz rahnamoligida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida qator vazifalar, jumladan, tashqi savdoni kengaytirish masalalari hal etilmoqda.

OʻzLiDeP umummilliy siyosiy tashkilot sifatida oʻrta qatlam, kichik biznes vakillari, tadbirkorlar va fermerlar, umuman olganda, mulkdorlar sinfi vakillarining manfaatlarini ifoda etadi va himoya qiladi.

Soʻnggi yillarda partiya, uning deputatlik korpusi va faollari, davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturi asosida ishlab chiqilgan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida maqsadli ishlarni amalga oshirdi. Ushbu Strategiya Oʻzbekistonni dunyoning “bilimlar iqtisodiyoti”, “innovatsion va raqamli iqtisodiyot”ga ega rivojlangan, raqobatbardosh demokratik davlatlar qatoriga izchil kirib borishini taʼminlaydi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga murojaatnomasida joriy yilda Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik masalasi hamda Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli hamkorlik boʻyicha ishlarni faollashtirish lozimligini aytib, “GSP+” tizimi doirasidagi imtiyozlarni mamlakatimizda samarali qoʻllash uchun alohida dastur ishlab chiqish kerakligini taʼkidlagan edi.

Joriy yilning aprel oyi boshlarida davlatimiz rahbarining ushbu koʻrsatmasi amaliy tatbiq etildi, aniqrogʻi, Oʻzbekiston “GSP+” umumiy imtiyozlar tizimida benefitsiar maqomini qoʻlga kiritdi.10-apreldan boshlab esa Oʻzbekiston uchun Yevropa ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv (GSP+) boʻyicha maxsus imtiyozlar tizimi kuchga kirdi. Unda Oʻzbekiston umumiy imtiyozlar sxemasi (GSP) doirasida benefitsiar-mamlakat sifatida qabul qilindi. Ushbu qaror Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning yangi va muhim bosqichini ochdi, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, mamlakatimiz tadbirkorlari va ishbilarmonlarining qiziqishi shundaki, bu Oʻzbekiston va Yevropa ittifoqi oʻrtasidagi muloqot va savdo sherikchiligini chuqurlashtirish imkonini beradi. Benefitsiar-mamlakatdan chiqqan, deb tan olingan tovarlarga nisbatan GSP+ doirasidagi tarif imtiyozlari taqdim etiladi. Yaʼni, gap aynan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulot haqida boryapti. Bu esa, mamlakatimiz tadbirkorlarining tub manfaatlariga javob beradi.

Ikkinchidan, Yevropa ittifoqining Oʻzbekistonda GSP+ benefitsiar-mamlakat maqomini taqdim etish toʻgʻrisidagi qarori sarmoyadorlar va xususiy sektor vakillariga Oʻzbekistonda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishlari uchun kuchli turtki beradi hamda Oʻzbekiston va YEI mamlakatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiyalash va jadal rivojlantirishda mustahkam asos yaratadi.

Uchinchidan, bu mamlakatimiz uchun Yevropa ittifoqiga bojsiz yetkazib beriladigan tovarlarni ikki barobar oshirish va ularni 6200 tagacha yetkazish imkonini beradi. Ilgari Oʻzbekiston asosiy imtiyozlar tizimidan foydalangan. Unga koʻra, bojxona bojlarisiz 3000 ta tovar va 3200 ta pozitsiyani arzon stavkalar boʻyicha YEI ga eksport qilar edi. GSP+ rejimi 66 foiz tarif liniyalari boʻyicha qoʻshimcha tarif imtiyozlari taqdim etish va YEI bozoriga bojsiz kirish uchun ayni muddao boʻladi. Bu kelgusida oʻzbek kompaniyalari ishlab chiqargan mahsulotlarni YEI mamlakatlariga eksport qilish hajmini ikki baravar oshirishga zamin yaratadi.

Toʻrtinchidan, GSP+ sxemasi matolar, kiyim-kechak va plastik idishlari kabi bir qator muhim eksport tovarlariga nisbatan tariflarni bekor qilishni nazarda tutadi. Bugungi kunda YEI Oʻzbekistonning eksport yoʻnalishlari roʻyxatida atigi yettinchi oʻrinni egallaydi.

Beshinchidan,GSP+ imtiyozlar tizimi Oʻzbekiston uchun COVID-19 pandemiyasi oqibatlaridan qutulish sharoitlarida qoʻshimcha mexanizm sifatida muhimdir. Bu deyarli yarim milliard aholi istiqomat qiladigan Yevropa bozorining hajmini hisobga olganda, juda zarur. GSP+ tizimiga qoʻshilish orqali mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari Yevropa bozoriga nisbatan qulay sharoitlarda kirib boradilar va yaxshi raqobat muhitida foydali ishlay oladilar.

Oltinchidan, GSP+ tizimi Oʻzbekistonga Jahon savdo tashkiloti (JST)ga qoʻshilish boʻyicha oʻz pozitsiyalarini yaxshilash imkonini beradi.Chunki bu rivojlanish, siyosat, ijtimoiy hayot, savdo masalalarida islohotlarni jadallashtirishni ragʻbatlantiradi.

Shuningdek, GSP+ sxemasining faqat sof iqtisodiy samarasidan tashqari, Oʻzbekiston unga qoʻshilish orqali inson huquqlari va mehnat huquqlari, atrof-muhit, iqlimni himoya qilish va tegishli tarzda boshqarish boʻyicha 27 ta asosiy xalqaro konvensiyani samarali bajarish majburiyatlari doirasida fuqarolik jamiyatini modernizatsiya qilish uchun kuchli turtki oladi. Bunda GSP reglamenti GSP+ sohiblari majburiyatlari ustidan doimiy monitoring olib borishni koʻzda tutadi. Yaʼni, OʻzLiDeP fraksiyasining fikricha, Oʻzbekiston hukumati olib borayotgan islohotlar samaradorligini mustaqil baholash manbasiga ega boʻladi.

Umuman olganda, mamlakatimizning barqaror rivojlanish sohasida GSP+majburiyatlarining qabul qilishi Oʻzbekistonning ishonchli va uzoqni koʻra biladigan iqtisodiy sherik sifatidagi pozitsiyasini yana-da mustahkamlaydi. Bu ishbilarmonlik muhiti, sud tizimi, mehnat sharoitlari, maʼmuriy hisobdorlik va samaradorlikni yaxshilash uchun ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat sohasidagi islohotlar, izchil ijobiy rivojlanishni aks ettiradi. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatlar parlamentariylari texnik tartibga solish boʻyicha milliy normalarni rivojlangan mamlakatlar talablariga muvofiqlashtirish boʻyicha ishlarni jadallashtirishi va ularning samaradorligini oshirishlari lozim.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер