Oʻzbekiston-Avstraliya seminari oʻtkazildi

20:03 15 Oktyabr 2021 Jamiyat
233 0

Suv xoʻjaligi vazirligining Axborot-tahlil va resurs markazida “Suv resurslarini boshqarishdagi islohotlar” mavzusida Oʻzbekiston-Avstraliya seminari boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Avstraliyaning “FORTESCUE FUTURE INDUSTRIES” kompaniyasi vakillari va mutaxassislari qatnashdi. Shuningdek, Avstraliyadan olimlar, tadqiqotchilar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining mutaxassislari onlayn tarzda ishtirok etdi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi” kitobida taʼkidlanganidek, global iqlim oʻzgarishi taʼsirining keskinlashuvi jahon mamlakatlarida aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha yillik suv taʼminoti darajasini pasaytira boshladi. Shu boisdan barcha mamlakatlarda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda.

Oʻzbekistonda ham mazkur masala dolzarb boʻlib qolmoqda. Shuni inobatga olgan holda, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish davlatning mudom diqqat markazida turibdi.

Seminar ochilishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Azimjon Nazarovning eʼtiroficha, Oʻzbekiston va Avstraliya minglab chaqirim masofada joylashgan boʻlsada bu ikki mamlakatning suv resurslaridan foydalanish va uni samarali boshqarish boʻyicha oʻxshash jihatlari koʻp. Suv tanqis boʻlgan hududda joylashgan Avstraliya sohani isloh qilish boʻyicha keyingi oʻttiz yil ichida katta yoʻlni bosib oʻtdi va ulkan tajriba toʻpladi. Xususan, suv resurslarini boshqarish va undan foydalanishning eng ilgʻor va innovatsion usullarini qoʻllashga intilmoqda.

Seminardan koʻzlangan maqsad ham suv xoʻjaligi sohasida Avstraliya tajribasini oʻrganish, eng muhim va samara beradigan yutuqlarni joriy etish, shu bilan birga, bugungi kunda Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar bilan xorijlik mutaxassislarni tanishtirishdir.

Seminar ochilishida Avstraliyaning “FORTESCUE FUTURE INDUSTRIES” kompaniyasi rahbari Djuliya Shuttlivord soʻzga chiqib, mazkur kompaniyaning maqsadi shamol, suv va quyosh kabi muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish, sayyoramizda global isish taʼsirini kamaytirishga hissa qoʻshishga qaratilganligini taʼkidladi. Avstraliya va Oʻzbekiston oʻrtasida suv xoʻjaligi sohasidagi aloqalarni kuchaytirish, yangi istiqbolli loyihalarni yoʻlga qoʻyish va kadrlar malakasini oshirish kabi yoʻnalishlarda katta oʻzgarishlar qilishga tayyorligini bildirdi.

Suv tanqisligi yildan-yilga oshib borayotganiga qaramasdan, mamlakatimizda suv xoʻjaligini rivojlantirishning aniq maqsadlari, yoʻnalishlari, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolini belgilaydigan, sohaga oid dasturlar ishlab chiqish uchun asos boʻladigan strategik hujjat – Konsepsiya mavjud emas edi.

Xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan Konsepsiyasi butun mohiyati va mazmuni bilan ana shunday hujjat boʻldi. Mazkur hujjat Oʻzbekistonning oʻn yildan keyingi davrda suv resurslari boʻyicha kutilayotgan oʻzgarishlarga tayyorgarligini belgilovchi oʻziga xos dastur hisoblanadi.

Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023-yillarga moʻljallangan strategiyasi tasdiqlandi. Strategiya respublikamizda suv tanqisligining oldini olish, suv resurslarini oqilona boshqarish va sohani yanada rivojlantirish orqali, eng avvalo, hayotimiz farovonligini, har tomonlama toʻkis boʻlishini taʼminlashga qaratilgan.

Seminarda Konsepsiya va Strategiya doirasida mamlakatimizda suv resurslarini boshqarishdagi islohotlar, ularning asosiy yoʻnalishlari, erishilayotgan natijalar muhokama qilindi. Avstraliya bilan hamkorlikning asosiy jihatlari belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?