“Oʻzbekiston – 2030” — yuksak marralar strategiyasi

14:50 22 Yanvar 2026 Jamiyat
267 0

Navoiy shahrida xalq deputatlari viloyat Kengashi ish rejasiga muvofiq mahalliy kengashlar kotibiyatlari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirishning mazmun-mohiyati va uning amaliy ahamiyati mavzusida targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda eng avvalo mazkur hujjatni takomillashtirishni taqozo etgan omillar hamda uning muhokamasida fuqarolarning faolligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

— Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi islohotlar dastlabki yillarda asosan uzoq yillar mobaynida yigʻilib qolgan muammolarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan edi, — deydi tadbirda maʼruza bilan ishtirok etgan Demokratik jarayonlarni tadqiq qilish markazi Navoiy viloyat hududiy boʻlinmasi rahbari Abdulla Roʻziqulov. — Bugungi kun voqeligida mamlakatimiz izchil va tizimli rivojlanish, uzoq muddatli barqarorlik va raqobatbardoshlik bosqichiga qadam qoʻydi. “Oʻzbekiston – 2030” ana shu bosqichning yoʻl xaritasi hisoblanib, oddiy reja yoki rasmiy dastur emas, balki milliy taraqqiyot gʻoyasining aniq, amaliy va tizimli ifodasidir.

Tadbirda maʼruzachilar tomonidan Respublikamiz Prezidentining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalar hamda soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida erishilgan salmoqli yutuqlar alohida tahlil qilindi. Barqaror iqtisodiy oʻsish, aholi turmush darajasining izchil oshishi, ijtimoiy sohada qoʻlga kiritilgan muhim natijalar islohotlarning amaliy samarasi ekanligi taʼkidlandi.

— Biz ilgari taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlariga byudjetimizning katta qismi yoʻnaltirilishini koʻp taʼkidlar edik, — deydi “Yuksalish” harakat hududiy boʻlinmasi rahbari Alijon Jalilov. — Bugungi kunda ushbu tizimlarda inson omili oliy qadriyat sifatida belgilanib, asosiy eʼtibor ularning sifat koʻrsatkichiga qaratilmoqda. Yaʼni, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining konseptual oʻzagi — inson kapitaliga sarmoyani davlat siyosatining birinchi darajali ustuvorligi sifatida belgilashidir. Bu yerda gap faqat ijtimoiy sohani qoʻllab-quvvatlash haqida emas, balki davlat va fuqaro oʻrtasidagi munosabatlar modelining tubdan oʻzgarishi haqida ketmoqda.

Shuningdek, maʼruzalarda zamon talablari, global oʻzgarishlar va jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish zaruratiga alohida eʼtibor qaratildi.

Prezidentimiz Murojaatnomasida ushbu strategik hujjat mamlakatning kelgusi besh yillik taraqqiyotini belgilab berishi, uni ishlab chiqish va takomillashtirish jarayoni esa keng jamoatchilik muhokamasi asosida, aholi fikr-mulohazalari va tashabbuslarini inobatga olgan holda amalga oshirilishi lozimligi qayd etilgani eʼtirof etildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar strategiyaning takomillashtirilgan loyihasini yanada mukammal qilish, uni aholi manfaatlariga yanada yaqinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?