Oʻzbek tilida bitta tovushni anglatuvchi Sh va ch harflari uchun ikkita harf belgilangan. Bu hech bir turkiy davlatlar amaliyotida yoʻq — Departament alifbodagi oʻzgarishlarga munosabat bildirdi

12:03 26 Mart 2021 Jamiyat
1706 0

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti “Oʻzbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 20-oktyabrdagi PF-6084-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevral kuni 61-son qarori bilan tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ning 1-bandiga muvofiq, tilshunos olimlaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruh tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

“Qonun loyihasi, avvalambor, tilimizning zamonaviy texnologiyalar bilan integratsiyalashuvi uchun qulaylik yaratish nuqtayi nazardan shakliy oʻzgarishlarni nazarda tutmoqda.

Qonun loyihasi bilan milliy alifbodagi ayrim murakkab harflarning ifodasida oʻzgarish taklif etilmoqda.

1995-yilgi alifbo

Taklif etilayotgan loyiha

Ō

ō

Sh

sh

Ş

ş

Ch

ch

Ç

ç

Amaldagi Oʻ yoki Gʻ harflarini yozish uchun kompyuter klaviaturasida 6 ta (avval O yoki G, keyin: alt 0145) tugma bosiladi.

Turkiy tilli oilaga mansub oʻzbek tilida bitta tovushni anglatuvchi Sh va ch harflari uchun ikkita harf belgilangan. Bu hech bir turkiy davlatlar amaliyotida yoʻq. Xalqimiz tarixda foydalangan arab, lotin, kirill yozuvlari ham “bir tovushga – bir harf” tamoyiliga asoslangan.

Natijada, birinchidan, alifbodagi ushbu harflar sababli kattaroq hajmdagi matnni oʻqish va yozish qiyinligicha qolmoqda. Bu oʻz navbatida, mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosining ommalashishiga salbiy taʼsir qilmoqda;

ikkinchidan, lotin yozuvida oʻqigan yoshlar orasida savodsizlik kuchayib, yozma nutqda soddaroq belgi (“oʻ” ning oʻrniga “6”, “ch” ning oʻrniga “4”, “sh” ning oʻrniga “w”) dan foydalanish avj olgan;

uchinchidan, milliy alifbodagi murakkabliklar tufayli koʻpchilik bitiruvchi yoshlar mehnat faoliyatlarini kirill alifbosida davom ettirishga majbur boʻlmoqda;

toʻrtinchidan, alifbodagi murakkab harflar tufayli oʻzbek tilini “raqamlashtirish”, internet tiliga aylantirish imkoni boʻlmayapti va h.k.

Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtish vazifasi belgilangani, milliy alifbomizni qulaylashtirib, maksimal darajada soddalashtirish ehtiyojini yaratdi.

Buni Davlatimiz rahbari ham bir necha bor oʻz nutqida qayd etgan:

“... yangi darsliklar, qiyosiy va turli sohalarga oid lugʻatlar, ish yuritish va soʻzlashuv qoʻllanmalari nashr etish, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini takomillashtirish, bu tizimga toʻliq oʻtish boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz kerak.”

(Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqidan (21.10.2019-y.)

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-son Farmoni (21.10.2019-y.)ning 3-bandi 5-xatboshi (“Oʻzbek tilining yozma nutqi meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish boʻyicha hamda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini toʻliq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;”)

hamda “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6084-son Farmoni (20.10.2020-y.) 2-ilovasi 4-bandi (“Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini, imlo qoidalarini yana-da takomillashtirish va yangi yozuvga toʻliq oʻtishni taʼminlash”)da bu vazifa aniq belgilab berilgan.

Alifbodagi 4 ta harf oʻzgarishi oʻquvchi yoshlarning savodi darajasiga salbiy taʼsir qilmaydi. Chunki:

birinchidan, ayni paytda Milliy oʻquv dasturini ishlab chiqish harakatlari boshlangan. Juda koʻp darslik va qoʻllanmalar (shundoq ham) yangidan tayyorlanadi va chop etiladi;

ikkinchidan, darsliklar foydalanish muddati tugab, yangilari chop etilguncha amalda boʻladi (darsliklarining foydalanish muddati oʻrtacha 3 yil. Demak, 2023-yildan oʻquvchilar toʻliq yangilangan alifboda savod chiqaradi. Bu esa mamlakatda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtish muddatiga mos keladi.)

Aksincha, alifbodagi shakliy oʻzgarishlar oʻquvchilarning savodiga ijobiy taʼsir qiladi. Chunki:

birinchidan, zamonaviy gadjetlar klaviaturalarida oʻzbek tilining barcha harflari boʻladi;

ikkinchidan, davlat tilining raqamlashuvi tezlashib, internet tarmogʻida taʼlim portallari soni ortadi;

uchinchidan, transliteratsiya dasturlari tufayli kirill alifbosidagi adabiyotlarni milliy alifboga tezkor va xatosiz oʻgirish va oʻqish imkoni paydo boʻladi;

toʻrtinchidan, katta avlodga mansub fuqarolarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi imlosini oʻzlashtirishi tezlashadi, bu esa xalqimizning yagona yozuv atrofida jipslashuviga olib keladi;

beshinchidan, ona tilimiz tabiatiga mos, yurtimizdagi va xorijdagi millatdoshlarimizni yagona yozuv atrofida birlashtiradigan alifboga ega boʻlamiz va h.k.

OAV, fuqarolik hujjatlari, yoʻl koʻrsatkichlar, peshlavhalar, ish yurituv hujjatlari kabilar Hukumatning 2021-yil 10-fevraldagi 61-son qaroriga muvofiq, sohaviy reja va dasturlar asosida bosqichma-bosqich 2023-yil 1-yanvargacha toʻliq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtkaziladi.

Eng muhim jihati, Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori 4-bandida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish bilan bogʻliq masalalar vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan, shuningdek, byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.

Yaʼni, alifboga shakliy oʻzgarishlar kirgan taqdirda darslik va qoʻllanmalar ijrochilar tomonidan har yili shakllantiriladigan reja asosida navbati bilan nashr etiladi.

Axborot kutubxona markazlarida amaldagi adabiyotlar alifbodagi shakliy oʻzgarish tufayli foydalanishdan chiqarilmaydi (shu kunga qadar kutubxonalarda turgan kirill yozuvidagi adabiyotlar singari). Aksincha, yangi chop etilayotgan adabiyotlar bilan bosqichma-bosqich boyitib boriladi.

Oʻzgarishlar beradigan qulaylik tufayli bir yozuvdan boshqa yozuvga oʻgiradigan transliteratsiya dasturlari kirill alifbosida chop etilgan adabiyotlarni bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidagi elektron koʻrinishlarini yaratish imkonini beradi, kutubxonalarning elektron fondi kengayishini taʼminlaydi.

Fuqarolikni tasdiqlovchi guvohnomalar, ID-kartalar, yashash guvohnomalarini takomillashtirilgan lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishi ham xuddi oʻquv adabiyotlari singari oʻz navbati bilan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, alifbodagi oʻzgarishlar ayrim harflarning shakliy ifodasini qulaylashtirishni koʻzda tutib, avvalo, tilimizni axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan uygʻunlashuvini taʼminlaydi, shu bilan birga, navbatma-navbat bajariladigan tadbirlar orqali ijroga qaratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi 2021-yil 31-martga qadar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)da turadi.

Loyiha yuzasidan tilimiz rivojiga befarq boʻlmagan har bir fuqaro oʻz fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin.

Loyiha yuzasidan toʻplangan jamoatchilik takliflari mamlakatdagi yetuk tilshunos olimlar ishtirokida joriy yilning aprel oyi boshida oʻtkaziladigan ilmiy anjuman kun tartibiga qoʻyiladi, asosli taklif va tavsiyalar inobatga olinadi va yakuniy toʻxtamga kelinadi”, deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?