Oʻzbek tili va madaniyati Italiyada targʻib etilmoqda

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, filologiya fanlari doktori Nozliya Normurodova hamda universitet huzuridagi “Oʻzbek maktabi” oʻqituvchisi Durdona Ermatova xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Italiyaning nufuzli Ka-Foskari universitetiga tashrif buyurishdi.
Tashrif doirasida professor Nozliya Normurodova universitet talabalari va professor-oʻqituvchilari uchun “Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimidagi zamonaviy islohotlar: yutuqlar va istiqbollar” mavzusida maʼruza oʻqib, yurtimizdagi taʼlim sohasidagi tub oʻzgarishlar, akademik erkinlik va xalqaro hamkorlik salohiyati haqida maʼlumot berdi.
Shuningdek, Durdona Ermatova Ka-Foskari universiteti Osiyo va Shimoliy Afrika tadqiqotlari boʻlimi talabalari uchun oʻzbek tili va madaniyatiga bagʻishlangan amaliy mashgʻulotlarni boshlab yubordi. Bir oy mobaynida u oʻzbek tilining fonetikasi, grammatikasi, leksik boyligi hamda xalqimizning boy tarixi va madaniyati haqida zamonaviy usullarda darslar oʻtadi.
Nozliya Normurodova tashrif doirasida Ka-Foskari universiteti xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Antonio Markomini bilan ham uchrashib, talabalar va professorlar almashinuvi, “Boburnoma” xalqaro platformasini yaratish, qoʻshma taʼlim dasturlari tashkil etish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar oʻtkazdi.
Shuningdek, u sanʼatshunos professor Silviya Burini bilan ham uchrashdi. Silviya Burini 2024-yil aprel oyida Italiyada boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston: Sahrodagi avangard” koʻrgazmasining kuratori sifatida yurtimiz sanʼati va madaniyatini Yevropa auditoriyasiga taqdim etgan.
Tashrif doirasida Ka-Foskari universitetida Oʻzbekiston burchagi tashkil etildi. U yerda oʻzbek tili, adabiyoti, tarixi va milliy suvenirlar namoyish etilmoqda. Bu tashabbus Oʻzbekistonning madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targʻib qilishga xizmat qilmoqda.
Mazkur xizmat safari ikki universitet oʻrtasidagi Erasmus+ dasturi doirasidagi hamkorlikning mantiqiy davomi boʻlib, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish hamda akademik almashinuvni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Italiyalik taniqli turkolog Elizabet Raganinining ham Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti bilan uzoq yillik samarali hamkorligi qayd etildi.
Ushbu tashrif Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimining xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, oʻzbek tili va madaniyatini jahon miqyosida keng targʻib etishga xizmat qilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring