Oʻzbek shifokorlari Markaziy Osiyoda ilk bor qiziloʻngach atreziyasi bilan tugʻilgan chaqaloqlarda tigʻsiz jarrohlik amaliyoti oʻtkazdi

19:21 17 Fevral 2022 Jamiyat
1149 0

Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya oʻquv-davolash-metodik markazida yangi tugʻilgan chaqaloqlarda koʻplab murakkab operatsiyalar oʻtkazib kelinmoqda. 

Mazkur amaliyotlarning ahamiyati shundaki, ular bola tugʻilishi bilan bajarilmasa, goʻdakning kelgusi hayoti xavf ostida qoladi. 

Muassasada xuddi shunday jajji bemorlarning ikki nafari oʻta murakkab jarrohlik muolajasidan soʻng sogʻayib, hayotga qaytdi. Ularning ikkisi ham tugʻma qiziloʻngach atreziyasi bilan dunyoga kelgan. 

Avvallari bunday operatsiyalar chet ellik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilar edi. Bu gal qiziloʻngach atreziyasining torakoskopik amaliyoti mahalliy shifokorlar tomonidan ilk bor mustaqil oʻtkazildi.

— Ayrim chaqaloqlarda qiziloʻngachning berk boʻlishi, umuman boʻlmasligi yoki oʻpkaga borib ulanishi kabi holatlar uchraydi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev. — Yaqin yillargacha yurtimizda qiziloʻngach atreziyasi bilan tugʻilgan chaqaloqlarni saqlab qolish imkoni boʻlmagan. Keyinchalik bunday dard bilan tugʻilgan goʻdaklarni operatsiya orqali davolay boshladik. Ammo oʻsha paytda bunday amaliyotlar kesish yoʻli bilan bajarilgan. Yaqindan boshlab Rossiyaning Irkutsk bolalar klinik shifoxonasi xirurgi Yuriy Kozlov bilan hamkorlikda qiziloʻngach atreziyasini torakoskopik usulda, yaʼni tigʻ tekkizmasdan operatsiya qilishni boshladik. Oʻtgan yilning 29 va 31-dekabr — Yangi yil oqshomida xuddi shu xastalik bilan tugʻilgan chaqaloqlarni operatsiya qildik. Qariyb 4 soat davom etgan murakkab amaliyot natijasi nafaqat bemorning oilasi, balki biz, shifokorlar uchun ham juda muhim edi. Chunki yuqori texnologik noyob operatsiyani ilk bor mustaqil amalga oshirgandik.

Taʼkidlanishicha, torakoskopik usuldagi xirurgik amaliyotdan soʻng chaqaloqlarning toʻliq sogʻayishi juda tez kechdi. Shu sababli qashqadaryolik M. Ravshanova va namanganlik N. Toʻychiyeva tugʻma kasallik bilan dunyoga kelgan farzandlarini qisqa muddatda bagʻriga oldi.

— Oʻgʻlimga Rahmatullo deb ism qoʻydik, — deydi N. Toʻychiyeva. — Uzoq davom etgan jarrohlik amaliyoti natijasini hadik bilan kutdik. Endigina dunyo yuzini koʻrgan farzandining operatsiya stoliga yotqizilishi ona uchun ogʻir. Bu sinov hech kimning boshiga tushmasin. Amaliyotdan keyin kelajakda hech qanday asorat qolmas ekan. Qoʻli yengil shifokorlarimizdan minnatdorman.

Professor B. Ergashevning taʼkidlashicha, bunday murakkab kasalliklarning tugʻuruqdan oldin aniqlanishi undan xalos boʻlishning asosiy omilidir. Neonatal xirurgiyaning mohiyati shundaki, u xastalikni bola dunyoga kelgan ilk kunlardayoq oldini oladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, oʻzbek neonatal xirurgiyasi Markaziy Osiyo davlatlaridan, hatto Rossiyaning ayrim hududlaridan ham yuqori saviyada ekani eʼtirof etilmoqda.

Xususan, qiziloʻngach atreziyasining torakoskopik operatsiyasi dunyoning sanoqli davlatlarida, faqatgina oʻta malakali xirurglar tomonidan amalga oshiriladi.

Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya oʻquv-davolash-metodik markazi mutaxassislari esa oʻtgan yilning oʻzida 6 ta ana shunday yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini oʻzlashtirdi. Bu esa nafaqat markazning, balki milliy tibbiyotimizning katta yutugʻidir.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?