Oʻzbek shaxmat olamidagi eng yaxshilar taqdirlandi

19:43 11 Yanvar 2026 Sport
263 0

10-yanvar kuni Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi tashabbusi bilan 2025-yil yakunlari hamda 2026-yilga moʻljallangan ustuvor rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirda mamlakatda shaxmat infratuzilmasini yanada mustahkamlash, yoshlar va ayollar shaxmatini qoʻllab-quvvatlash, para shaxmat yoʻnalishini kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslar eʼlon qilindi.

Anjuman doirasida 2025-yilning eng munosib vakillari ham eʼtirof etildi. Xususan, FIDE Jahon kubogi gʻolibi Javohir Sindorov yilning eng yaxshi shaxmatchisi sifatida taqdirlandi. Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi aʼzosi Umida Omonova esa yilning eng yaxshi ayol shaxmatchisi deb topildi.

Shuningdek, yoshlar, para shaxmat, hakamlik va media yoʻnalishlarida ham bir qator nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. 12 yoshgacha boʻlganlar orasida Nurmuhammad Nematillaxonov va Xusnora Xusniddinova eng yaxshi yosh shaxmatchilar sifatida eʼtirof etildi. 20 yoshgacha toifada Afruza Hamdamova hamda Muhiddin Madaminov gʻolib deb topildi.

Para shaxmat yoʻnalishida Marsel Shoyusupov va Selbi Kakisheva yilning eng yaxshilari sifatida taqdirlandi. Faxriylar orasida Oʻktam Sheraliyev alohida eʼtirofga sazovor boʻldi.

Shaxmat sohasining rivojida xizmat qilib kelayotgan mutaxassislar ham chetda qolmadi: Komiljon Azizov yilning eng yaxshi shaxmat hakami, Ulugʻbek Tillayev eng yaxshi shaxmat tahlilchisi, Anton Kim esa eng yaxshi sharhlovchi deb topildi.

Tadbir yakunida gʻoliblar tantanali ravishda taqdirlanib, ularning yutuqlari Oʻzbekiston shaxmatining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Shu bilan birga, 2026-yilda ham tizimli islohotlar va yuqori natijalarga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi maʼlum qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?