Oʻzbek qilichbozi Jahon chempionatida 2-oʻringa sazovor boʻldi

12:18 04 Aprel 2021 Sport
1040 0

Qilichbozlik boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Bobur Rasulov Jahon chempionatining kumush medalini qoʻlga kiritdi.

Shu kunlarda qilichbozlik boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari 3-apreldan Misrning Qohira shahrida boshlangan kadetlar va oʻsmirlar oʻrtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etmoqda.

Musobaqaning kechagi dasturida qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan yakkalik bahslarida sportchilarimiz munosib ishtirok etdi.

Jumladan, Zaynab Dayibekova ilk marotaba qilichbozlik boʻyicha oʻsmirlar va kadetlar oʻrtasidagi Jahon chempionatida 7-oʻrinni egalladi.

Musobaqaning birinchi kunida oʻsmir qizlar orasida hamyurtlarimiz Dayibekova Zaynab, Ismoilova Sevinch, Togʻaymurodova Shahnoza va Isroilova Venera yakka tartibdagi musobaqalarda ishtirok etishdi.

Taʼkidlash joiz, mazkur musobaqada qilichbozlarimiz ajoyib natijalarni namoyish etmoqda. Xususan, Dayibekova 7-oʻrinni egallagan boʻlsa, Ismoilova Sevinch 12-pogʻonadan joy oldi.

Shuningdek, kechagi bahslarda qilichbozlarimiz Mamutov Sherzod, Genjhebayev Pazilbek, Dushamboyev Jaloliddin va Rasulov Bobur ham oʻz omadini sinab koʻrishdi.

Quvonarli jihati, Bobur Rasulov sovrindor boʻlish uchun raqiblarini ketma-ket ishonchli tarzda magʻlub etdi. Avval Qozogʻiston vakili Stepan Sevostyanov, soʻngra 16 talik guruhdan oʻrin egallash uchun amerikalik Kristofer Volker, keyin Ispaniya vakili Kabalyerro Rogello ustidan gʻalaba qozondi va oʻz yosh toifasida eng kuchli 8 nafar sportchi qatoridan joy oldi.

Yarim final yoʻllanmasi uchun Bobur Rasulov Gonkong vakili So Xang Alvin ustidan ishonchli gʻalabaga erishdi. Final ostonasida hamyurtimiz mezbon sportchi Moataz Athamni mohirlik bilan magʻlubuyatga uchratishning uddasidan chiqdi. Biroq, hal qiluvchi final bahsida Bobur Rasulov rossiyalik sportchi Kirill Tulikovga yutqazib qoʻydi.

Shu tariqa hamyurtimiz Jahon chempionatida faxrli 2-oʻrinni egallab, kumush medal sohibiga aylandi.

Jahon chempionati doirasidagi musobaqalar bugun ham davom etmoqda. 4-aprel kuni sablyachi qilichbozlarning kadetlar yosh toifasidagi bahslarida terma jamoamiz vakillari ham ishtirok etadilar.

Shuningdek, 4-aprel kuni yosh sablyachilarning jamoaviy musobaqasi ham boʻlib oʻtadi. Soʻngra qilichbozlikning rapira yoʻnalishidagi musobaqalariga start beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?