Oʻzbek adabiyoti ogʻir judolikka uchradi
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli adib Saʼdulla Siyoyev 82 yoshida olamdan oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.
Saʼdulla Siyoyev 1939-yil 25-martda Qozogʻistonning Turkiston shahri yaqinidagi Qarnoq qishlogʻida dehqon oilasida tugʻildi. Toshkent davlat universitetida oʻqidi (1957-1962). Dastlab “Yoshlik” radiosida, keyinchalik “Mushtum” jurnalida ishladi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiyot jamgʻarmasiga rahbarlik qildi.
Saʼdulla Siyoyev dastlabki sheʼr va hikoyalari bilan oʻtgan asrning elliginchi yillari ikkinchi yarmidan koʻrina boshladi.
1970-yilda “Qasam ichmagan yigit” nomli birinchi hikoyalar toʻplami chop etildi. Shundan soʻng “Sadagʻang ketay” (1972), “Toʻylar muborak” (1975), “Oy borib, omon keling” (1976), “Ogʻir vaznli janjalkash”, “Erkaklar uchun ertaklar”, “Yorugʻlik” (1986), “Avaz” (1987), “Beparvo boʻlmoqchiman” (1990) kabi roman, qissa, hikoyalar kitoblari bosilib chiqdi.
Mustaqillik yillarida Saʼdulla Siyoyev yana-da samarali ijod qilib, “Yassaviyning soʻnggi safari” (1993), “Haqiqat yoʻli” (1997) nomli ikki kitobdan iborat tarixiy roman, yana “Mening xoʻroz quvganim” (hikoyalar, hajviyalar, badialar, 2007), “Yolgʻonchining rost soʻzi” (hikoyalar, xotiralar, 2010) kabi kitoblar yaratdi. L.Tolstoy, M.Zoshchenko, L.Lench, A.Arkanov, G.Gorin kabi rus yozuvchilarining hikoyalarini ona tilimizga oʻgirdi. Oʻzining ham bir qator asarlari rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turk va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilindi.
Saʼdulla Siyoyev Prezident farmoni bilan “Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring