Oʻtgan yillarda qoniqarsiz baho olganlar bundan ham koʻp boʻlgan — XTV abituriyentlarning katta qismi past ball olganiga munosabat bildirdi

11:33 07 Sentyabr 2022 Jamiyat
594 0

Foto: Халқ сўзи

AOKAda Xalq taʼlimi vazirligi faoliyati bilan bogʻliq dolzarb masalalar boʻyicha matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. 

Maʼlumki bu yil oliy taʼlim muassasalariga topshirgan abituriyentlaring yarmidan koʻpi oʻtish ballining eng past chegarasi boʻlgan 56, 7 ballni ham toʻplay olmadi. Bu holatga Xalq taʼlim vazirligi mutasaddilari munosabat bildirdi. 

«Maktablarda taʼlim sifatini zoʻr deb aytolmaymiz. Afsuski, bu natijani Davlat test markazisiz ham hammamiz juda yaxshi bilamiz. Bu holat bugun sodir boʻlgani yoʻq, oxirgi ikki-uch yilda taʼlim sifati tushib ketdi, deb ham boʻlmaydi. Buning asosiy sabablari OTMlarda 90 yillarda oʻqib chiqqan pedagog-kadrlarning maktabga kirib kelishi, oʻqituvchilarni majburiy mehnatga yoki paxta dalasiga uzoq yillar davomida jalb qilinganidir. Buning oqibatini biz hali ancha yillar davomida koʻramiz. Chunki paxta dalasida boʻlgan oʻqituvchilarning qoʻlidan chiqqan oʻquvchilar hozir ham pedagogikada oʻqiyotgan boʻlishi, pedagogikani bitirib, maktabga ustoz boʻlib kelgan boʻlishi mumkin. Bu jarayon, albatta, maʼlum bir vaqt talab qiladi. 

Oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari ancha shaffoflashgan. Buni menimcha hech kim inkor qilolmaydi. Chiqayotgan kadrlarning sifati ham endi sekin-sekin yaxshilanadi. Shular maktabga kelib, maʼlum bir avlod chiqsa, albatta sifat oshadi. Maktab testga tayyorlashi kerak emas, maktab bilim beradi. 

1 million bitiruvchi emas, 1 million abituriyent. Shundan bitiruvchilarning soni 350-400 ming atrofida. Yaʼni, ularning oʻzining bilimi qanday boʻlgan degan savolga ham albatta baho berishimiz kerak. Bu boʻyicha ham tahlil qildik. Jami abituriyentlarning oʻrtacha balli 65 ni tashkil qilgan boʻlsa, bevosita bu yil maktabni tamomlagan abituriyentlarning oʻrtacha balli 76 ni tashkil qilgan. Albatta, bu natija ham qoniqarli emas. Lekin dinamikada koʻradigan boʻlsak, oʻtgan yili bu ball 74, undan oldingi yil 70 boʻlgan. Yana bitta misol, Davlat test markazi imtihonidan 56,7 balldan past natija qayd etgan maktab bitiruvchilari salmogʻi 108 ming edi. Bu esa 36 % ni tashkil etadi. Oʻtgan yillarda qoniqarsiz baho olganlar bundan ham koʻp boʻlgan», — dedi xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?