Ot chopganda gumbirlaydi togʻlar darasi
Surxondaryo —qalblarga doimo sevgi va iftixor uygʻotib turadigan muqaddas maskan. Har gal Mustaqillik bayrami yaqinlashganda, togʻu adirlar bagʻridagi keng qalbli xalqning yuragi yanada baland urganday boʻladi. Ana shunday Vatanga mehr va sadoqat tuygʻusi bu yil ham turli tadbirlarda, xalq ogʻzaki ijodida, chavandozlar va polvonlar shahdu shiddatida, baxshilar termalarida oʻz aksini topmoqda.




Yurtimizda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Surxondaryoda eng aziz bayramga tayyorgarlik avjida.




Boysun togʻ bagʻrida tashkil etilayotgan umumxalq sayillarida bayram kayfiyati allaqachon boshlanib ketdi. Milliy kiyimdagi sanʼatkorlar chiqishlari, polvonlarning davralardagi dovrugʻli naralari, baxshilarning doʻmbira sadolari orqali istiqlol madh etilmoqda. Har bir ohangda, har bir qadamda Vatanga muhabbat, el-yurtga faxr va istiqlolga cheksiz shukronalik tuygʻulari barq urib turibdi.



— Hurriyat — baxt, erkinlik — jasorat manbai, — deydi boysunlik Oʻral baxshi Rahimov. — Mustaqillik xalqimizga Allohning bergan neʼmatidir. Otalarimiz, bobolarimiz orzu qilgan erkin hayotni koʻrib yashayapmiz. Har yili bayramni xushnud kayfiyatda nishonlaymiz, unga tayyorgarlik koʻrishning oʻzi ham ulkan bir tantana. Toʻyu tomoshalarda, umumxalq sayllarida doʻmbiramiz sadolarida “Ot chopganda gumbirlaydi togʻlar darasi” degan termalar qalbda joʻsh urmoqda.



Xalq — bayramning haqiqiy egasi. Surxon xalqining bayramoldi kayfiyati, bu shukronalik belgisi. Yurakdan sizib chiqqan tuygʻular ifodasi, elning istiqlolga mehri va ertangi kunga ishonchi namunasidir.



— Istiqlol millat qaddini koʻtardi, tilini burro, gʻururini baland qildi, — deydi mehnat faxriysi Sohib Quvondiqov. — farzandlarimiz bilimli, erkin fikrlaydigan, tashabbuskor avlod boʻlib voyaga yetayapti. Har gal toʻylarda, sayillarda baxshilar doʻmbira chalsa, Vatan deb alqasa, koʻzimizga yosh keladi, chunki bu soʻzlar qalbimiz tubidagi tuygʻularning ifodasi. Mustaqillik nafaqat ozodlik berdi, balki qalblarimizda iftixor uygʻotdi. Endi yurtimizda har bir qurilayotgan maktab, yoʻl, shifoxona —ozodlikning tansiq mevasi. Bularni koʻrib, “Bu mening yurtim, bu mening Vatanim!” deb faxrlanamiz.


Surxondaryoliklar qalbida ayyom oʻzgacha bir shukronalik uygʻotmoqda. Qarang, huv, narigi qirda koʻpkari bahsi avjiga chiqmoqda, bahodir chavandozlar uloq ayirmoqda. Ularning shashti-shiddatidan togʻlar gumbirlaydi, qalblar gumbirlaydi. chunki bu istiqlol shodiyonasi, Vatanning tugʻilgan kuni. Keksalar duoga qoʻl ochadi: ilohim, yurtimizga koʻz tegmasin, bunday dorilamon kunlar bardavom boʻlsin!”


Farhod ESONOV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring