Oshiq qalblar elchisi

20:16 08 Sentyabr 2023 Madaniyat
1256 0

Sheʼr – badiiyat mevasi. Goʻzallik izlagan va topgan, koʻngilning eng chuqur zamzamalari izhori. Ayni paytda oniy lahza mahsuli boʻlgani bois shoir shaxsiyatini toʻla aks ettirmaydi. Aksariyat ijodkordagi junun va sidirgʻa holatni ajrata olmaganidan shaxsni asossiz ulugʻlashga moyil boʻlishadi.

Zokir Xudoyshukur ijodini oʻttiz besh yildan beri kuzatib kelaman. Bu yillar davomida shoir nazm va nasrda beshta kitob chiqardi. Talabaligidayoq Mashrab ijodiga qiziqdi va bitiruv ishi mavzusi ham tasavvuf bilan bogʻliq edi. Talabalik davrimiz – oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillar boshida tasavvuf mavzusida falsafa soʻqish urf boʻlgani koʻpchilikning yodida. Koʻpgina olimlar, hatto ehtiyoji yoʻqlar ham azbaroyi poygadan qolmaslik, “modniy” boʻlish uchun ushbu mavzuda gapirishni, yozishni oʻziga kasb qilib olishgan edi.

Nafsilamri, duch kelgan ijodkordan mutasavvif yasashga ruju qoʻyilgan oʻsha yillarda tasavvufni islom diniga qarshi qoʻyish kabi bemaʼni safsatalarni ham tinglashga toʻgʻri kelardi. “Bir Xudodan oʻzgasi barcha gʻalatdir Mashrabo...” degan satrlarni suyub takrorlashni xush koʻruvchi shoir doʻstim taniqli olim Najmiddin Komilovga shogird tushib, ushbu murakkab mavzuni oʻrganishga qattiq bel bogʻladi. Nomzodlik dissertatsiyasi muhokamasida kuchini koʻrsatgan guruhbozlik, adovat yosh olim hafsalasini pir qildi va ish himoya qilinmasdan qolib ketdi. Lekin mana shu izlanishlar shoir ijodiga jiddiy taʼsir oʻtkazdi. Dunyoni timsollar orqali anglash, mumtoz adabiyotimizdagi ramzlarga muhabbat keyinchalik tarixni oʻrganish bilan uygʻunlashib ketdi. “Yoshlar” radiokanalida “Tarix va yoshlar” degan mualliflik eshittirishi tayyorlab, merosimizni oʻrganishga va yosh avlod ongiga singdirishga katta hissa qoʻshdi. Tarixni oʻrgangani sayin afsuslari ortgani “Oʻgʻuzxon boʻzqurti”, “Tuzoq”, “Oq oʻtovning mungli oʻlani” qissalarida yaqqol koʻrinadi. Sheʼrga sigʻmagan dardlari “Biznesmen”, “Qaytar dunyo”, “Soʻnggi ov” kabi hikoyalari va “Kayvoni momo choʻpchaklari” turkumini dunyoga keltirdi.

Zokir Xudoyshukurning “Koʻngil manzaralari” deb nomlangan navbatdagi kitobini oʻqigan sheʼrxon shoir sheʼrlari bayramu shodiyonalarda oʻqiladigan oʻynoqi sheʼrlar emasligini anglaydi. Mungli, mahzun ohanglar oʻquvchini mushohada etishga undaydi. Shoir doʻstimizni sirtdan bilganlar jonsarak emas, sokin deydi. Ammo shoir zoti borki, qalban munozarayu munoqasha ichida yashaydi. Omon Matjon yozganidek, “Haq maqsadli odam doim bezovta”.

Sheʼr toʻlgʻogʻida hayajonlanayotgan shoirning holi dard tutayotgan ayolning holidan yomon. Ikki dunyo orasida turgan ayolga koʻmak kerak, shoir esa oʻz kindigini oʻzi kesishga mahkum!

“Koʻngil manzaralari”ga sayr etgan oʻquvchi shoirning modernga moyil mashqlaridan oʻyga tolsa, “Baxshiyona” turkumi Usmon Azim ijodiga ehtirom samarasi ekanini darrov fahmlaydi.

Toʻplamdan joy olgan ilk sheʼrdan gʻazallaru toʻrtliklargacha hasrat ufurib turibdi. Bu hayotdan nolish, omadsiz odam nadomatlari emas. Aksincha, Haqni tanishga mushtoq qalb nidolari bu. Bedor dilning nomalarini oʻz shevangizda oʻqib, “Yo piray! Mening iztiroblarim-ku!..” deyishingiz tayin. Sheʼrlardagi jon qushi, sajjoda, nafs iti, soqiy, chogʻir, xarobot, eski sopol, eski jom, sharob kabi ramzlar mumtoz shoirlarimizga shunchaki taassub mevasi emas. Shoir ajdodlar tutgan koʻzgu orqali dunyoni anglashga intilgan. Zero, aqli salim zot borki, yolgʻiz qolganida hayotning, dunyoning mohiyati, yashashning maʼnisi haqida oʻylaydi. Oʻy – insonning doimiy hamrohi. Undan hech kim bebahra emas.

“Elitsa, Majnunday boʻzlatsa chogʻir,

Har neki borimdir, sotay, Mayfurush!

Anglamasam dunyo nadir, man nadir,

Mayxonang koʻyiga botay, Mayfurush!”

Holini bilgan, fanodagi har bir neʼmat mohiyatini, sir-sinoatini anglagan banda bora-bora ismiga, ism ortida yashiringan taqdirga moslashganini oʻzi ham sezmasligi mumkin. Aslida, eng qiyini ham shu. Holni, hadni bilish inson maʼnaviy kamolotining pillapoyasi hisoblanadi. Bu koʻtarilish insonning insonligini bildiruvchi koʻngil hayratiga monanddir. Lekin mumtoz shoirimiz Abdulla Orif aytmoqchi, nafs ila dunyoga dil berganlar hamisha toza koʻngil hayratlarini suiisteʼmol qilishga moyil boʻlishadi. Atrofga boqing: bunday zotlar oʻzlarini batamom aql ixtiyoriga berganini koʻrasiz. Aql gʻolib kelgan joyda koʻngil bechora. Aql mushohadani suygani sababli hayotning bor goʻzalligini anglashga izn bermaydi.

“Har ish etdim – xato koʻrdim,

Bu olamni mato koʻrdim,

Haq deganni duto koʻrdim,

Manam shunday boʻlarmanmi?!”

“Duto” soʻzi “egilgan, bukilgan, ojizlik” maʼnolarini bildirishidan kelib chiqsak, shoirning nima demoqchi boʻlgani oydinlashadi. Yaratganni zikr qilguvchi qalbda kibr boʻlmaydi. Shaytoniy vasvasalar oʻz-oʻzidan chekinadi. Shoirning yuqoridagi soʻrovi aslida murojaat.

Zokir Xudoyshukur sheʼrlarida Yunus Emro, Boborahim Mashrab ohanglari yaqqol seziladi. Salaflardan taʼsirlanish, tabiiyki, ular merosiga muhabbatdan boshlanadi va bu holat ijodkorning yoʻl topishiga sababchi boʻladi.

“Umidim bordir johimdan,

Netib Layloya bildirsam?!

Bir “oh” etsam-u ohimdan

Dunni “Ollo”ya toʻldirsam!

Hama tomonda Ul boʻlsa,

Har qayon boqsam – shul ranglar.

Faqat shul boʻlsa, shul boʻlsa –

Yor ismini aytsa xarsanglar.”

Aslida, Haqqa bogʻlangan koʻngil dunyo oxirat ekinzori ekanini fahmlaydi. Ammo “ekinzor”ni obod qilish Uning amriga muntazirlikdan boshlanishini inkor etmaydi. Ishq siyrati dahri dunni Ollohga toʻldirishdan iborat. “Ollohning rangi-la ranginmiz”, degan muqaddas kalomga har bir dil oʻzicha shorih. Bu oʻrinda rang tushunchasi avomning nazaridagi suvrat yoxud boʻyoq emas, balki ruhning ming bir jilvasidir. Mana shu jilva ins-jinning mohiyatini bildirmaydimi?

“Jonimga ayroliq oʻti tutoshdi,

Hijronki visolning mavludi emish.

Dunyo – gʻam ummoni – quturdi, toshdi,

Oʻzni qutqarmoqlik mavridi emish...”

Bandaning dunyo gʻamlaridan qutilishi chakana gap emas. Dunyo gʻamiga botgan odamning Haq sasini eshitmogʻi qiyin. Bu hazin nolalar aslida har bir bandaga tegishli haqiqat.

“Tabibimsan, sanga ehtiyojim bor,

Nafsim daʼvosidan jonimda malol.

Sansiz mushkul oson boʻlmogʻi dushvor,

Hoyu havasimga zavol ber, zavol”.

Dunyo – tubanlik ichra sayr etgan noqis aql baribir bir kuni Tabibga ehtiyoj sezadi va beixtiyor yuqoridagi kabi nola etadi. Hoyu havas hidoyat yoʻliga qoʻyilgan gʻov ekanini fahmlagan qalb naqadar baxtiyor!

“Aslidekkim koʻrsat manga,

Man nadir, bu dunyo nadir?!

Bori ayon yoʻqmu Sanga,

Zimiston ne, ziyo nadir?”

Bu oʻrinda tushuniksiz, murakkab gapning oʻzi yoʻq. Hamma shunday oʻylaydi baribir: “Men kimman? Hayotning maʼnisi nima?..”

Oʻz-oʻzi bilan qolgan, yolgʻizlikni tusaydigan koʻngilning shunday soʻrovi boʻladi, albatta. Chunki hech kim, hatto Shaytonga qoʻl berganlar ham hadsiz zimistonda qolishni istamaydi. Hamma yorugʻlikka intiladi. Qalb baribir oʻz sohibini qoʻmsaydi. Unga bogʻlanishni, vaslidan rohatu lazzat tuyishni istaydi. Ziyoning mohiyati shunda.

Dunyoni Firʼavnning iflos sarqiti deb bilgan, sodiqlar koʻkka boʻylagan murodbaxsh gʻorga, qullikdan sorga yetishni orzu qilgan, nafs itining keyingi oyogʻi boʻlib yashashdan or qilgan koʻngil nolalariga inonmay boʻladimi?

“Xiyonat uygʻondi, uygʻon, gʻazovot,

Kipriklardan quvla mudroq uyquni!

Shamshirni qonimda charxla, adolat,

Axir, xoʻrlamishlar nozik tuygʻuni!”

Dunyo shevasidan vayrona, makrlar koʻyida hayrona koʻngil afgʻonlariga quloq bersangiz, koʻp savollarga javob topasiz. Chunki fatvosi ulugʻ talovchi muqaddas tugʻni tuproqqa qorgani, dillar toshga aylangani, oʻtin tosh boʻlgan zoʻr otash bilan baqamti turganimiz oʻtirik emas.

Ishqqa mubtalo boʻlgan borki, labida majnuniy sharob yuqi bor. Shoir haq: tiriklik hikmati zoʻr jigʻildon emas. Dunyodorga oshno koʻngilning borar manzili mavhum. Mavhumlik koʻngilni xarob qiladi. Bunday koʻngil sohiblari mudroq soya, xolos. Chin doʻst kim? Gʻaflatdan uygʻotgan chin doʻst. Manzil izlayotgan muztarga koʻmak bering. Oʻtkinchi daʼvolar baribir bir kuni barham topadi. Har gadoning sarvatlidan umidi bor bu dunyoda chin doʻstni kim topdi – kim armonda.

“Qani Doʻstga doʻst boʻlsam man,

Oʻzimdan ming malomat bor!

Ishqdin ichsam, mast boʻlsam man,

Na tun-kunda halovat bor!”

Oʻzini anglagan odam halovatga erishgan odam. Bu halovatning taʼrifi yoʻq. Koʻpga nasib etmaydigan bu tansiq neʼmat odamni mast qiladi. Mastona yurgan mardum Biru Borning tajallisini, sifatini koʻradi har neʼmatda. Uni endi foniy dunyo jilvalari oʻziga maftun eta olmaydi. Uzun-uzun orzular etagini tutgan borki, albatta, armon toʻriga ilinadi. Dil gunohdan qorayadi. Uyogʻi hasrat... Hasrat hamisha hadsiz. Bebaqo davronga yigʻlagan koʻzning ibrat olishi dargumon. Dargumonlikdan armon qoʻshigʻi yaraladi:

“Hikmat dedim – qol-a- yetdim,

Ishqni dedim – hol-a yetdim.

Dunyo sirrin bilolmayin

Alif dedim – dol-a yetdim”.

Darhaqiqat, aqidasi butun, iymonda sobit ijodkorning iqrori oʻquvchida shubha tugʻdirmaydi. “Mavlaviyning gʻaznasini etgum gʻorat, Oʻmargayman Mashrabiyning kulohini” deb yozgan shoirni oshiq qalblar elchisi oʻlaroq qabul qilmoq lozim.

“Koʻngil manzaralari” kitobi oʻquvchini ana shunday sirli dunyoga – ijodkor qalbining eng chuqur puchmoqlariga olib kiradi. Uni borliqning mohiyatini anglashga, abadiy mavzular haqida oʻylashga, tegishli xulosalar chiqarishga undaydi. Sheʼrxonning doimiy hamrohiga, yaqin doʻstiga, hamroziga aylanadi.

Olim TOSHBOYEV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер