Orolbo‘yi hududini obodonlashtirish maqsadida 3 ming tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ajratildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va Global Atrof-muhit jamg‘armasining “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzulga uchragan yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” (Aral Sea Wetlands) qo‘shma loyihasi doirasida 3400 tup daraxt va butalar ko‘chatlari Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligi va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatiga ajratildi.
Mazkur tashabbus Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo viloyatida o‘rmon va bog‘ ko‘chatlarini kengaytirish, Orolbo‘yi hududining ekologik barqarorligini mustahkamlash va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Ta’kidlash joizki, jadallashtirilgan sanoatlashtirish, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish va yashil hududlar ulushini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Tabiiy resurslarni barqaror boshqarishning samarali vositalaridan biri bu o‘rmonlar barpo etish bo‘lib, u tuproqning unumdor qatlamini tiklash va yer degradatsiyasi neytralligi (YDN) maqsadlariga erishishga yordam beradi. O‘zbekistonning ekologik nuqtayi nazardan eng zaif mintaqalaridan biri bo‘lgan Orolbo‘yida ekologik vaziyatni yaxshilashda “yashil belbog‘lar”ning yaratilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu chora-tadbirlar atrof-muhitga antropogen ta’sirlarni bartaraf etish, bioxilma-xillikni saqlash va tabiiy ekotizimlarning barqarorligini ta’minlash imkonini beradi.
“Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzalarida ekologik barqarorlikni va aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsad qilingan. Asosiy e’tibor yer degradatsiyasining oldini olish va muhofaza etiladigan hududlar, asosiy biologik xilma-xillik hududlari va qushlar yo‘llari atrofida suv va yerni kompleks boshqarishga qaratilgan.
Orol dengizi havzasi fojiali darajada sayozligiga qaramay, hali ham muhim ekologik ahamiyatga ega. U Yevropa, Osiyo va Afrika o‘rtasida qushlar migratsiyasi uchun muhim rol o‘ynaydigan noyob suvli-botqoq yerlar va qirg‘oq ekotizimlarini o‘z ichiga oladi.
3 ming 400 tup mevali daraxt ko‘chatlari bog‘lar va daraxtzorlar maydonini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda viloyat faunasini yanada boyitish imkonini beradi. Bu kelgusida Orolbo‘yida oziq-ovqat va ekologik xavfsizlikni mustahkamlaydi.
Loyihaning kompleks yondashuvi, davlat va jamoat tuzilmalari, shuningdek, mahalliy hamjamiyatlarning ishtiroki yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurash va mintaqaning tabiiy salohiyatini tiklashda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini ta’kidlaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring