Oqqoʻrgʻon tumanida xotin-qizlar bandligini taʼminlash borasidagi ishlar Senat Raisi tomonidan nazoratga olindi

10:35 29 Mart 2024 Siyosat
385 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi ishchi guruh Oqqoʻrgʻon tumanida boʻlib, xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga qaratilgan ishlar holati bilan tanishdi.

Senat Raisi dastlab tumandagi Monomarkazda boʻlib, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish orqali bandligini taʼminlash borasidagi ishlar, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, markazda kasb-hunar oʻrganayotgan xotin-qizlar bilan muloqot qilib ularning kelgusidagi faoliyati yuzasidan muloqot qildi hamda tegishli taklif va tavsiyalar berdi.

Shundan soʻng respublika ishchi guruhi aʼzolari, tuman hokimi, sektor rahbarlari, Toshkent viloyati hamda Oqqoʻrgʻon tumani masʼullari, mahalla faollari bilan muloqot oʻtkazildi. Uchrashuv davomida xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha ishlarni mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida tashkil qilish, bu borada Yangiyoʻl tumanining «Qirsadaq» mahallasida joriy etilgan tizimni qoʻllash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yangi tizim asosida avvalo tumandagi barcha mahallalarda xonadonbay xatlov oʻtkazgan holda ishsiz, ishlash istagini biladigan xotin-qizlarni, ularning imkoniyat va ehtiyojlari aniqlanadi hamda mahallalar kesimida xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan aniq manzilli choralar belgilanadi.

Bunda asosiy eʼtibor xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin qizlarga zarur tibbiy, ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam koʻrsatish, aholi tomorqasidan samarali foydalanish, mahallada ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada mustahkamlashga qaratiladi.

Muloqot jarayonida Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, «Xalq banki» boshqaruvi raisi oʻrinbosari Gulzoda Rashidova, shuningdek, viloyat va tuman masʼullari soʻzga chiqib, belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Shundan soʻng Т.Нарбаева «Qahramon» mahallasida yashovchi fuqaro Т.Мансуров xonadoniga tashrif buyurib xonadonda tomorqadan qolaversa xonadondagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish borasida xonadon sohiblarining tajribasi bilan tanishdi. Taʼkidlash joizki xonadon sohiblari tomorqasida uch marta hosil olish bilan birga, asal yetishtirish, chorvachilik faoliyati bilan shugʻullanib oʻtgan yili kamida 300 mln soʻm daromad koʻrgan. Т.Нарбаева mahallalarda mana shunday tadbirli aholi safini kengaytirish, odamlarning tomorqadan unumli foydalanishi orqali kambagʻallikni qisqartirish mumkinligini alohida taʼkidlab, bu borada qator taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Shuningdek, tuman masʼullari hamda «Mahalla yettiligi»ga uy sharoitida oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning faoliyatini rasmiylashtirish, oilaviy tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish, dual taʼlim tizimi asosida ayollarni kasb-hunarga oʻqitish orqali kooperatsiya shaklida bandligini taʼminlash boʻyicha vazifalar belgilab berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?