“Oʻqchi” qulupnaylari eksport qilinmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni paytda Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida 7 ming 200 gektardan ortiq meva bogʻlari mavjud. Mavsum boshlanganidan buyon tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 1,5 million dollarga yaqin meva eksporti amalga oshirildi. Eʼtiborlisi, eksport geografiyasi kengayib, Osiyo qitʼasi va Yaqin Sharq davlatlari hisobiga koʻpayib bormoqda.
Bogʻdorchilik tarmogʻida tumanning Oʻqchi, Oʻqchi dasht, Oʻqchi tuman, Rajabgardi, Hotamtoy mahallalari mirishkorligi bilan tanilgan. Shu kunlarda ushbu mahallalarda gilos eksportiga kirishildi. Yaqinda oʻrik va shaftoli eksporti ham boshlanadi. Bugun tumanda qulupnay savdosi ham avjida. Tumandagi bogʻ oralari, ochiq maydonlarga ekilgan qulupnay Fargʻona vodiysi, qoʻshni Tojikistonda xaridorgir.

— Oilamiz tasarrufidagi “Hamroqulov Rahmonjon” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligida 9,5 gektar bogʻda gilos, oʻrik, shaftolidan moʻl hosil olamiz, — deydi Rahimjon Hamroqulov. — Hozirda bogʻ orasiga ekilgan 40 sotix yerdagi qulupnay sotilyapti. Gilos, oʻrik mevasi ham quyosh nurida ajib jilva qilib, oʻz xaridorini kutmoqda.
Joriy yilda Bogʻbonlar sulolasi Germaniyaning “Sandra” navli qulupnayini tajriba tariqasida ekib koʻrdi. Mahalliy iqlim sharoitiga moslashib ketsa, jahon bozorida xaridorgir ushbu qulupnay navini koʻpaytirish maqsad qilingan.

“Moʻydinov Bekzod Abdulla obod” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligi rahbari Nuriddin Moʻydinov bogʻbon-tadbirkor sifatida tanilgan. Mirishkor bogʻbonlar oilasiga qarashli 15 gektar mevali bogʻ bor. Hozirda bogʻdagi “Bahor” navli gilos hosili mamlakatimizning eng yirik savdo tarmoqlariga yetkazib berilmoqda. Ushbu gilos BAAda ham xaridorgir. Ayni paytda bu mahsulot buyurtma asosida Dubayga eksportga joʻnatilmoqda.
— Bogʻimizni tabiiy minerallarga boy Soʻx daryosi suvi bilan sugʻoramiz, — deydi tajribali bogʻbon N. Moʻydinov. — Shundan mevalardagi taʼm, mazani boshqa joydan topish qiyin. Qolaversa, bizning mevalar boshqa hududlarga qaraganda bir hafta oldin pishadi.

Nuriddin bogʻdorchilikda Turkiya, Xitoy tajribasini puxta oʻrgandi. Uning aytishicha, Oʻqchining gilosi har jihatdan bu ikki yurt mevasidan aslo kammas. Shu kunlarda tumanda qulupnayning kilosi oʻrtacha 15-20 ming soʻm, gilos 45-60 ming soʻmdan sotilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring