Oq uyni koʻzlagan respublikachilar safi kengaymoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
14-iyun kuni Mayami shahar meri Frensis Suarez Oq uy uchun poygaga kirayotganini eʼlon qildi. 45 yoshli respublikachi iqtisodiy masalalar birlamchi deya taʼkidlar ekan, Amerika xalqi sobiq prezident Donald Trampning mashmashalaridan charchaganiga ishora qildi. Kuni kecha uning shahrida Trampga federal sudda 37 bandli jinoiy ayblovlar qoʻyildi. Suarez partiyadosh boʻlsada, uni hech qachon quvvatlamaganini aytadi. Reytinglarda Tramp prezidentlikka daʼvogarlar orasida birinchi oʻrinda. Ikkinchi oʻrindagi Ron Desantis Mayami shahri joylashgan Florida shtatining gubernatori. 10 ga yaqin kishi qoʻshilgan poygada Trampning sudlovlari va uning ustidan davom etayotgan tergovlar hozircha koʻp tilga olinmayapti. Savolga tutilganida sobiq vitse-prezident Mayk Pens 2017-2021-yillar orasida siyosiy sherigi boʻlgan sobiq prezidentni qoralamaydi, ammo u yuzlashayotgan ayblovlar bagʻoyat jiddiy ekaniga urgʻu beradi. Oʻtgan hafta Pens Trampni sudlash toʻgʻri boʻlmaydi deb chiqqan edi. Bu haftadagi gaplariga qaraganda endi u bunday fikrda emas. Prezidentlikka saylangan taqdirda va agar Tramp qamalsa, Pens uni afv qilgan boʻlarmidi? Bu savolga u bugun “yoʻq” deb javob bergan.
Raqibi Nikki Heyli esa, agar Oq uyga saylansa, davlat xavfsizligi naqadar ustuvor masala boʻlmasin, Trampni kechirishi mumkinligini aytmoqda. Tahlilchilar nazarida Trampning biror respublikachi raqibi uning mashmashalari yuzasidan keskin pozitsiyada emas, chunki ular konservativ saylovchilarning qahridan qoʻrqadi. Tramp respublikachilar orasida hamon kuchli nufuzga ega. Trampning demokrat raqibi Prezident Jo Bayden ham bu masalada gapirishdan oʻzini tiymoqda, ammo kampaniya avj olgani sari mavzu qiziydi.
Davlat xavfsizligi bilan bogʻliq maxfiy hujjatlarni noqonuniy ravishda saqlaganlikda va adolat yoʻliga toʻsiqlar qoʻyganlikda ayblanayotgan Tramp 20 yilgacha qamalishi mumkin. Iroq urushida xizmat qilgan Desantis fikricha, davlat sirlari bitilgan materiallarning ruxsatsiz olib ketilishi va ularga nisbatan, tergovchilar aytganidek, loqayd munosabatda boʻlish jazosiz qolmasligi kerak. Har qanday shaxs jinoiy qilmishi uchun javob berishi kerak. Biroq bu gaplarida u Trampni shaxsan tilga olmaydi.
Respublikachilar orasida Tramp bu sudlovlardan qutulib ketadi va yanayam kuchayadi deb taxmin qilayotganlar talay. Ammo qutula olmaydi va pirovardida qulaydi, deya fikrlovchilar ham koʻp.
Tramp Amerika tarixida ikki bor impichment jarayonini boshdan kechirgan, shuningdek, jinoiy ayblovlar qoʻyilgan birinchi sobiq prezident. Shu holi bilan ham u 2024-yilda respublikachilardan Oq uy uchun prezidentlikka nomzod sifatida maydonga chiqishining ehtimoli, reytinglarga qaralsa, yuqori. Partiya ichidagi soʻrovlarda aksariyat respondentlar hamon uni prezidentlikka loyiq deb biladi.
Trampning saylov kampaniyasi oʻtgan bir hafta ichida 7 million dollardan oshiq mablagʻ toʻplagan. 13-iyun kuni kechqurun, Mayamidagi sud ortidan Nyu-Jersi shtatidagi bir koshonadagi ziyofatda Tramp hisobiga tarafdorlardan 2,1 million dollar tushgan. Mart oyida Tramp Nyu-Yorkda sudga chaqirilganidan keyingi 24 soat ichida saylovchilar uning kampaniyasiga 4 million dollar xayriya qilgan edi.
Abduvali Saybnazarov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring