Oq uy uchun qizgʻin kurash. Ustunlik kim tomonda?

14:36 30 Oktyabr 2024 Dunyo
204 0

Foto: AP

Vashingtondagi Oq uyning janubida joylashgan Ellips parkida Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris 5-noyabr saylov kuni oldidan saylovchilarga soʻnggi katta murojaat bilan chiqish qildi.

2021-yil 6-yanvarda Ellips Harrisning respublikachi raqibi, oʻsha paytdagi prezident Donald Trampning boshqa bir chiqishiga guvoh boʻlgan edi. Tramp u yerda saylovlarda firibgarlik roʻy berganini iddao qilishi ortidan uning minglab tarafdorlari 2020-yilgi saylovlar sertifikatlanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Amerika Qoʻshma Shtatlari Kapitoliysiga hujum qilishgan.

“Biz Donald Trampning kimligini bilamiz. U qariyb toʻrt yil oldin aynan shu joyda turib, erkin va adolatli saylovlarda xalq irodasini agʻdarish uchun Amerika Qoʻshma Shtatlari Kapitoliysiga qurolli toʻdani yuborgan shaxs”, — dedi Harris.

Saylov kuniga roppa-rosa yetti kun qolganida, Harrisning keskin chiqishlari Trampdan oldinga chiqib ketishga yordam beradimi yoʻqmi nomaʼlumligicha qolmoqda. Milliy miqyosdagi soʻrov va shtatlardagi koʻrsatgichlarda ham ikki nomzod deyarli tengma-teng bormoqda.

Hozirgacha kamida 50 million saylovchi allaqachon ovoz berib boʻlgan.

Harrisni qoʻllashga kelganlar uning birinchi ayol prezident boʻlishidan hayajonda ekanligini aytishgan.

Oq uy vitse-prezidenti oʻrta sinfga qaratilgan iqtisodiy siyosatni yaratishga, bunda narxlarni oshirishni taqiqlash, uy-joy bozorini rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar va yosh ota-onalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga vaʼda bermoqda.

U, shuningdek, AQSH aholisi uchun tibbiy sugʻurtani kengaytiruvchi qonun boʻlgan “Affordable Care Act” ni himoya qilishni aytgan.

Demokrat nomzod qayta-qayta Trampni tilga olishga harakat qildi. “U beqaror, qasosga oʻch, nazoratsiz hokimiyatga intilgan odam”, — deydi Harris

Tramp seshanba kuni Pensilvaniya shtatidagi Drexel Xill shahrida oʻz tarafdorlari bilan uchrashuvda mamlakat qobiliyatsiz ahmoqlar tomonidan vayron qilinayotgani haqida “ogohlantirgandi”.

Harrisning Vashingtondagi chiqishi siyosiy qoʻllov olib kelishi kerak boʻlsa-da, unday boʻlib chiqmadi. Toʻplanganlar unga norozilik kayfiyatini bildirishdi. Bunday chiqishlar Harrisning tadbirlarida nisbatan keng tarqalgan boʻlib, ular demokratning Gʻazo va hozir Livanga qarshi urushi paytida Isroilni qoʻllab-quvvatlayotganidan gʻazabnokdir.

Harris, agar saylansa, Isroilga qurol yetkazib berishni toʻxtatish yoki harbiy yordamga shart qoʻyish majburiyatini olishdan bosh tortdi. Biroq u oʻt ochishni toʻxtatishga erishish kerakligini taʼkidlagan.

Bu pozitsiya arablar, musulmonlar va ilgʻor guruhlar orasida uning qoʻllab-quvvatlashini yoʻqotishi mumkin. Ayniqsa, bu koʻp sonli arab-amerikalik aholiga ega boʻlgan Michigan shtatida seziladi.

Baʼzi saylovchilar esa kuchli ikkilanishda, chunki Harris Isroilga qurol-yarogʻ yetkazib berishni toʻxtatib qolishga qodir emas, deb hisoblashadi. Alternativ nomzod esa undan ham yomon boʻlishi mumkin. Boshqalar Trampning ikkinchi prezidentligidan qoʻrqishlari ularni Harrisni qoʻllab-quvvatlashga undaganligini taʼkidladilar.

“Biz qoʻrqamiz, lekin umidvormiz. Agar Tramp gʻalaba qozonsa, bu falokat boʻlar edi”, — deydi nafaqadagi shifokor.

“Mana sizga vaʼdam. Menga ovoz bermagan boʻlsangiz ham, men sizni doim tinglayman. Men har doim eshitish qiyin boʻlsa ham haqiqatni aytaman. Agar menga oʻz nomingizdan kurashish imkoniyatini bersangiz, dunyoda mening yoʻlimga toʻsqinlik qiladigan hech narsa qolmaydi”, — deydi Harris.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?