Oq oltin mahallasi “ogʻir hudud”dan qanday chiqarilmoqda?

11:53 18 Oktyabr 2021 Jamiyat
950 0

Foto: Saminjon Husanov / Xalq so'zi

Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi Oq oltin mahallasi, afsuski, aholi turmush darajasi pastligi va ijtimoiy infratuzilmasi nochorligi bois “ogʻir hudud”lar tarkibiga kiritilgan edi. Odamlarning bandligi taʼminlash, oilalarda doimiy daromad manbaini yaratish maqsadida koʻrilayotgan chora-tadbirlar bu mahalla aholisi hayotida yangi sahifa ochmoqda.

– Mahalladagi ehtiyojmand oilalar aniqlanib, 500 boshgacha bir oylik broyler joʻjalari tarqatildi, - deydi “Vodiy invest ziynati AA” oilaviy korxonasi rahbari Anvarjon Hoshimov. – Tovuqlar 35 kunda yetiladi va har birini oʻrtacha 56 ming soʻmdan oʻzimiz sotib olamiz. Bitta xonadon 35 kunda oʻrtacha 3 million soʻmdan 4,5 million soʻmgacha daromad koʻradi. Biz tovuqlarni olib ketgandan soʻng oʻn kun ichida yana 500 bosh joʻja olib kelib beramiz. Bunda xonadon egalari umuman yonlaridan mablagʻ sarflamaydi. Joʻjalar ozuqasini oʻzimiz eltib beramiz. Bu korxonamiz uchun ham foydalidir. Boisi, aholidan bir oyda har biri kamida 3 kilogrammdan boʻlgan 53 ming bosh parrandani qabul qilib olib, ichki bozorga va eksportga 160 tonna goʻsht mahsulotlarini yetkazamiz.

Bu xayrli ishdan, eng avvalo, oilalar manfaat koʻrmoqda.

– Uy bekasiman,-deydi shu mahallada yashovchi Musharraf Vohidova. – Joʻja parvarishlash bilan qoʻshimcha daromad topish imkoniga ega boʻldim. Oilamizga bir oyda oʻrtacha 4,5 million soʻm daromad kiryapti. Endi roʻzgʻorimizda baraka bor, koʻnglimiz ham xotirjam, har bir tongni “Bugun nima qilsam ekan? Qayerdan pul topsak ekan?” degan tashvish bilan kutib olishdan qutuldik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 17-18-iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida aholi turmush sharoitini yaxshilash, buning uchun ularni daromadga yoʻnaltirish boʻyicha oʻz koʻrsatmalarini bergan edi. Shundan soʻng viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan orqada qolayotgan va ishsizlik yuqori boʻlgan 210 ta ogʻir mahalla tanlab olindi. Ushbu mahallalarda istiqomat qiluvchi aholini doimiy daromad manbaiga ega qilish maqsadida ularga lider tadbirkorlar biriktirilgan boʻlib, buning natijasida aholi uy sharoitida qoʻshimcha mablagʻ ishlab topish imkoniga ega boʻlmoqdalar. Bir soʻz bilan aytganda, Andijonda kamxarj oilalar ehtiyojmandlikdan shu tariqa olib chiqilmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер