Ona yurting omon boʻlsa...

19:42 11 Iyun 2025 Jamiyat
287 0

Ilgari chiroyli turmush, katta mablagʻ faqat xorijda boʻladi, deb oʻylardim. Shu bois voyaga yetdim-u ishlash uchun chet elga yoʻl oldim. Begona yurtda mehnat qilib, pul topishning oʻzi boʻlmaskan. Sababi, yaxshi, daromadli ish oʻzlaridan ortmaydi. Mendek musofirlar arzon va ogʻir mehnatga jalb qilinadi. Shunda ham hujjat ishlari, ijara haqi, tirikchilikdan ortib uyga yuborgan pulingni toʻplashning imkoni yoʻq. Oʻzga yurtda koʻp pul topgan paytlarim boʻldi. Biroq oilangdan olisdagi hayot baribir qiyin. Har qancha boy boʻlib ketsang ham uyingdan tashqarida hech kim emassan. Ayniqsa, ijtimoiy, huquqiy jihatdan mutlaqo himoyasiz qolgan paytlaring qadringga yigʻlaging keladi...

Shunday kunlarning birida mahallamiz yoshlar yetakchisi qoʻngʻiroq qilib qoldi. Respublikamizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatlarini tashkil etishda amaliy yordam berish, bandligini taʼminlash, kasb-hunarga yoʻnaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi. Bu haqida ijtimoiy tarmoqda ham oʻqigandim. Biroq, kasbi-korim boʻlmagani bois bu gʻamxoʻrliklarga aloqador boʻlmasam kerak, deb oʻylardim. Yoshlar yetakchisi uyga qaytishimni, 15 sotix yer maydonida dehqonchilik bilan shugʻullanib ham moʻmaygina daromad olishim mumkinligini aytdi. Toʻgʻrisi, avvaliga rosa ikkilandim. Sababi, tomorqachilikdan xabarim boʻlmasa, yerga urugʻni qadaganing bilan oʻzidan-oʻzi boʻlib qolmaydi, bungayam bilim, tajriba kerak. Yoshlar yetakchisi hammasi oʻzlari oʻrgatishini aytdi.

Qarang-a, qanday zamonlar keldi. Masʼullar oʻzlari daromad olishga oʻrgatib, buning uchun sharoit yaratib berishsa-ya! Mendan mehnat qilish qolyapti, xolos. Shu yaxshi turmushni deb musofirchilikning barcha mashaqqatlariga chidadim-ku! Vaqtni boy bermay Andijonga qaytdim. Mahalla fuqarolar yigʻiniga uchradim. Ular tomonidan ajratilgan 15 sotix yer maydonida ish boshladim. Qaysi ekindan qancha daromad olish mumkinligini, agrotexnik qoidalarini bajarish yuzasidan koʻrsatmalar berishdi. Shundan soʻng pomidor ekib, astoydil ishga kirishdim.

Oson ishning oʻzi yoʻq! Ekinni parvarishlashda xato qilib qoʻymaslik uchun qoʻllanmalardan foydalandim, ijtimoiy tarmoqlardagi darsliklardan saboq oldim. Samarasi yaxshi boʻldi, shu yili 20 million soʻm daromad oldim. Boʻshagan maydonga piyoz ekdim. Tez kunda hosil uyaman. Mahalliy bozor sharoitidan kelib chiqib piyozdan 40-50 million soʻm daromad olishni rejalashtirmoqdaman. Ilk daromadim hisobidan skuter sotib oldim. Bu bilan mashaqqatim ancha aridi. Axir, dalaga ham piyoda borib-kelayotgandim-da. Tez orada avtomobil sotib olish niyatidaman.

Ishning koʻzini bilgan odamga har qanday mashaqqat oson yengilarkan. Daladan ortinib uy ishlarini bajardim. 10 sotixdan iborat hovlimdagi tomorqaga kartoshka, bodring, pomidor ekdim. Hosil birin-ketin boʻy koʻrsatmoqda. Hamma narsa uyingda yetilib tursa bozordan xarid qilishga ham hojat qolmaskan. Qolaversa, bir bosh sigir parvarishlayapman. Dalada oʻt serobligi uchun ozuqasi tekinga tushyapti. Ertangi kunimdan koʻnglim toʻq! Bu ham boʻlsa davlatimiz rahbarining biz yoshlarga bergan imkoniyati va ishonchi mahsulidir.

Husniddin JALILOV,

Qoʻrgʻontepa tumani.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер