Oltin va kumush narxining koʻtarilishi Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qanday taʼsir koʻrsatadi?
2025-yilning soʻnggi kunlari jahon xom ashyo birjalarida oltin narxi rekord darajada oʻsib, uning bir unsiyasini qiymati 4 539 dollargacha yetdi. Natijada oʻtgan yil davomida oltin narxi 72 foizdan oshib, 1979-yildan beri eng katta yillik oʻsish koʻrsatkichiga yaqinlashdi.
Oltin ortidan kumush ham keskin qimmatlab, uning narxi 75,97 dollarga yetdi va tarixiy rekordni yangiladi. Kumush oʻtgan yil boshidan buyon 150 foizga koʻtarilib, oʻsish surʼati boʻyicha oltindan ham yuqori natija koʻrsatdi.
Oltin nega qimmatlashyapti?
Ekspertlar tahlillariga koʻra, oltin narxining koʻtarilishiga bir nechta omil bir vaqtda taʼsir qilmoqda.
Birinchidan, AQSHda foiz stavkalari yana pasaytirilishi mumkinligi haqidagi kutilmalar kuchaydi. Foizlar pasayishi ehtimoli oshsa, investorlar foiz beradigan instrumentlardan koʻra qiymatini saqlaydigan aktivlarga koʻproq qiziqadi. Oltin shunday aktivlardan biri hisoblanadi.
Ikkinchidan, geosiyosiy va savdo keskinliklari kuchaygani sayin investorlar xavfsiz aktivlarga oʻtadi. Tarixan shunday vaziyatlarda oltinga talab yuqori boʻladigan “himoya aktivi” sifatida qaraladi.
Uchinchidan, markaziy banklar tomonidan muntazam oltin xaridi narxni qoʻllab-quvvatlayapti. Markaziy banklar qisqa muddatli foyda ortidan quvmaydi. Ular uzoq muddatli zaxira siyosati doirasida harakat qiladi. Shu sabab bu talab bozorda barqaror “tayanch” yaratadi.
Toʻrtinchidan, AQSH dollarining zaiflashuvi oltinni xorijiy xaridorlar uchun nisbatan arzonroq qiladi va talabni oshiradi.
Beshinchidan, dekabr oyiga xos mavsumiy omillar ham rol oʻynashi mumkin.
StoneX kompaniyasi tahlilchisi Matt Simpson yil oxirida oltin va kumush koʻpincha ijobiy natija berishini, biroq savdo hajmlari kamaygani sayin foydani qayd etish, yaʼni koʻtarilgan narxda sotib foyda olish holatlari koʻpayishi mumkinligini taʼkidlaydi. Bu esa rekordlardan keyin qisqa muddatli tebranish ehtimolini kuchaytiradi.
Kumush nega qimmatladi?
Kumush narxining oltindan ham tez oʻsishiga ikki omil sabab boʻlayotgani qayd etiladi. Jumladan, investitsiyalar oqimining kuchayishi va taʼminotdagi cheklovlar. Kumush bozori nisbatan tor boʻlgani uchun talab oshishi narxda keskin sakrashlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, taklif tezda koʻpayib ketmasligi narxni yanada yuqoriga olib chiqadi.
Oʻzbekiston uchun oltin katta imkoniyat
Oltin Oʻzbekiston uchun juda muhim resurs. U eksportdan tushadigan daromadga ham, valyuta bozoriga ham, davlat byudjetiga ham bir vaqtda taʼsir qiladi. 2025-yilning 9 oyi mobaynida Oʻzbekiston 9,9 mlrd dollarlik oltin sotdi. Bu umumiy eksportning taxminan uchdan bir qismiga teng. Oltin narxi baland boʻlsa, xuddi shu miqdordagi oltinni sotish ham koʻproq dollar olib keladi va tashqi savdodagi bosimni kamaytiradi. Oʻzbekistonda oltin qimmatlashgani sabab oltin-valyuta zaxiralari 60 mlrd dollardan oshdi. Bu 2025-yil boshiga nisbatan 20 mlrd dollarga koʻp. Zaxiraning koʻpayishi valyuta kursi keskin tebransa ham iqtisodiyot uchun “yostiqcha” boʻlib xizmat qiladi va tashqi toʻlovlarni bajarishni yengillashtiradi. Oltin sektori resurs soliqlari, foyda soligʻi va dividendlar orqali byudjetga tushumni oshiradi. 2025-yilda soliqlardan tashqari tushum 81,6 trln soʻm boʻlishi kutilmoqda, bu oʻtgan yilga nisbatan 38,6 foizga koʻp.
Bu jarayonda Navoiy kon-metallurgiya kombinati asosiy rol oʻynaydi. 2026-yil prognoziga koʻra, uning byudjetdagi ulushi 20,2 foizga yetib, qariyb 75 trln soʻmni tashkil etishi mumkin. Markaziy bank xabariga koʻra, 2025-yilning 9 oyida davlat yillik xarajatlar rejasining 90,4 foizini bajargan (2024-yilning mos davrida 78,1 foiz). Bu xarajatlar hajmi tezlashganini koʻrsatadi. Xulosa qilib aytganda, oltin narxining yuqoriligi Oʻzbekistonga hozircha valyuta tushumi, zaxiralar va byudjet boʻyicha katta tayanch boʻlib turibdi.
Oltinga bogʻlanib qolish xavfi
Oltin narxining yuqoriligi faqat ijobiy natija bermaydi. Mutaxassislar eʼtibor qaratayotgan asosiy xatar — iqtisodiyotning resurs sotishdan keladigan daromadga haddan tashqari bogʻlanib qolishi. Birinchi xatar — eksportning katta qismi oltin boʻlsa, narxlar tushib ketgan paytda daromadlar ham keskin kamayadi. Oltin narxining doim yuqori qolishiga esa kafolat yoʻq. Ikkinchi xatar — davlat xarajatlarining “yangi meʼyor”ga aylanishi. Bugun oltindan koʻp daromad tushsa, xarajatlar oshadi. Ertaga narx pasaysa, xarajatlarni qisqartirish qiyin kechishi mumkin. Uchinchi xatar — valyuta kursi orqali eksportga bosim.
Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov oltin sotishdan kelayotgan dollar oqimi soʻmning kuchayishiga olib kelishi mumkinligini taʼkidlaydi. Bu importni arzonlashtiradi, ammo eksportchilar uchun raqobatbardoshlikni pasaytiradi: eksportdan tushadigan soʻm miqdori kamayadi.
Toʻrtinchi xatar — inflyatsiya. Iqtisodiyotga katta pul oqimi kirib, xarajatlar tezlashsa, notoʻgʻri boshqaruv sharoitida bu narxlar oʻsishini kuchaytirishi ehtimoli bor.
Keyingi davrda nimalar boʻlishi mumkin?
Rekord narxlar doimiy oʻsish degani emas. Hozirgi sharoitda ikkita ehtimoliy yoʻnalish koʻrinadi:
1. Foiz stavkalari pasaysa — oltin yuqori darajada saqlanishi mumkin;
2. Geosiyosiy va savdo keskinliklari kuchaysa — oltinga talab yanada ortishi mumkin.
Oltin va kumush narxlarining rekord darajada oshishi global bozorlarda noaniqlik, foizlar boʻyicha kutilmalar va xavfsiz aktivlarga talab kuchayganini koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston uchun bu vaziyat hozircha katta moliyaviy imkoniyat yaratmoqda: zaxiralar oʻsmoqda, byudjet tushumlari kuchaymoqda va tashqi balansdagi bosim yumshamoqda.
Rekord narxlar imkoniyat boʻlishi mumkin, ammo u barqaror oʻsishga aylanmasa, narxlar pasaygan paytda iqtisodiyot uchun jiddiy sinov boʻlishi mumkin. Shu tufayli oltin narxlariga tayanib qolmaslik, iqtisodiy diversifikatsiyani kuchaytirish, inson kapitali hamda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish zarur.
Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring