Olisning “bugʻdoyi”dan...

14:04 18 Mart 2026 Jamiyat
116 0

Bugun yurtdoshlarimiz orasida xorijda ishlab daromad topishga intilayotganlar koʻp. Biri moddiy ahvolini tezroq oʻnglab olishni maqsad qilsa, boshqasi toʻy oʻtkazish, hovli-joy, avtomobil sotib olishga mablagʻ jamgʻarishni koʻzlab yoʻlga chiqqan. Ammo ularning Vatandan tashqarida ishlashi, sogʻligi, mehnat haqini oʻz vaqtida olishi, xavfsizligi qay darajada muhofazalangan?

Avvalo xorijga ishlagani borgan inson oʻsha joyning tartib qoidasi, oʻzi shugʻullanayotgan ishning xususiyati, eng muhimi, texnika xavfsizligi qoidalariga jiddiy amal qilmogʻi lozim. Keyingi paytlarda mehnat muhojirligini ixtiyor qilganlar bilan bogʻliq koʻngilsiz hodisalarning koʻpayayotganligi achinarli. Ayrimlar hatto belgilangan ish joyiga yetib bormasdan yoʻl hodisalariga ham uchramoqda. Masalan, bundan bir necha yil avval Rossiyaga yoʻl olgan namanganliklar oʻtirgan avtobus Qozogʻistonning Oqtube tumanida falokatga uchragani hali koʻpchilikning yodida. Tiriklay yonib ketgan ellik ikki nafar yoʻlovchining hammasi bir-biriga yondosh qishloqdan boʻlib, norasmiy ishlash uchun yoʻlga chiqqandi.

— Rossiyaga ishlash uchun borgandim. Falokat oyoq ostida, deganlaridek toʻsatdan toyib ketib, poyezd gʻildiraklari ostida qoldim, — deydi toʻraqoʻrgʻonlik D. Ahmadjonov. — Uydan soppa-sogʻ chiqib, muhojirlikdan qoʻltiqtayoqda qaytdim. Endi bir oyogʻim protez. Ayni oilam, farzandlarimga foydam tegadigan yoshda nogiron boʻlib qoldim. Qarang, men tengilar oilasi oldida ishlab, oʻz bizneslarini yoʻlga qoʻyibdi. Afsuski, qancha pushaymonlik cheksam ham, endi kech...

Chindan-da, taassuflar boʻlsinki, oʻttiz besh yoshli yurtdoshimizga oʻxshab yoʻllarda avtohalokat tufayli bevaqt olamdan oʻtgan yoki nogiron boʻlib qolgan, qurilishlarda ehtiyotsizlik tufayli yuqori qavatlardan yiqilib jarohatlanganlar oz emas. Birgina oʻtgan yili Namangan viloyatidan xorijga ishga borib turli sabablar bilan 44 nafar mehnat muhojiri hayotdan bevaqt koʻz yumgani achinarlidir.

— Xorijda ishlayotgan fuqarolarimiz bilan bogʻliq salbiy hodisalar, ular huquqlarining u yoki bu koʻrinishda buzilish holatlaridan saqlanish mamlakatimizda tegishli hujjatlar asosida tartibga solingan, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Namangan filiali masʼul xodimi Akromjon Mannonov. — Bugungi kunda chet davlatlarda rasmiy mehnat faoliyati bilan band boʻlgan namanganliklar soni 63,5 ming kishini tashkil etadi. Rasman qayddan oʻtmay ishlayotganlar soni ham oz emas. Xalqaro mehnat bozoriga otlanayotgan muhojirlar oqimining ortishi, ularni migratsiyaga tayyorlash, borgan manzillarida xotirjam ishlashi, huquqlari kafolatlanishi masalalari tobora takomillashtirilmoqda.

Viloyatimizda bu faoliyat besh tamoyil asosida olib borilmoqda. Bular — salohiyatli ish beruvchilar bilan ishlash, nomzodlarni aniq jihatlarga bogʻliq holda topish va tanlab olish, har biriga biror kasb-hunar va xorijiy tilni oʻrgatish, huquqiy jihatdan savodxonligini oshirish, “yagona darcha” usulida xizmat koʻrsatishdir.

Xorijda ishlash istagidagi fuqarodan, birinchi navbatda, oʻzi borayotgan davlatning tili, madaniyati va urf-odatlarini bilishi, dunyo andozalariga javob beradigan kasb-hunarga ega boʻlishi talab etiladi. Masalaning ayni shu jihatidan kelib chiqib Namanganda mehnat muhojirlarini tayyorlash markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

— Bir necha yil avval Migratsiya agentligi qoshidagi markazda tayyorgarlikdan oʻtib, Rossiyaga ishga keldim, — deydi Ulyanovsk shahridagi qurilish kompaniyasi ish boshqaruvchisi boʻlib turgan Husniddin Qambarov. — Rus tilini yaxshi bilaman. Bu yerda tashkilotchilik qobiliyatimni ilgʻab, koʻpchilikka bosh qilib qoʻyishdi.

Viloyatdagi tayyorlov markazlari orasida Chustdagi 1-kasb-hunar maktabining reytingi ancha yuqori. Unda talabgorlar qurilish sohasida zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻladi. Bu yerda Koreya davlatiga Ye-9 vizasi asosida ishga ketayotgan fuqarolarga koreys tili, madaniyati va urf-odatlarini oʻrgatish maqsadida maxsus koʻniktirish kurslari ochildi. Migratsiya agentligi tashabbusi bilan fuqarolarni nemis, ingliz, koreys va yapon tillariga oʻqitish maqsadida Namangan shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bepul oʻquv kurslari tashkil etildi. Markazlar zamonaviy ustaxonalar bilan taʼminlangan. Ularni bitirganlarga ish beruvchi bilan birgalikdagi sinov xulosasidan soʻng maxsus sertifikat beriladi. Masalan, Germaniyaning “Consalting. Uz” taʼlim markazi Namanganlik xotin-qizlardan 150 nafarini olmon tiliga oʻqitdi. Ularning koʻpchiligi ushbu davlatda mehnat qilish uchun yuborilgan. Eʼtiborlisi, bu singari markazlarga jalb etilgan fuqarolarning boʻlajak mehnat joyi aniq buyurtmalarga koʻra naqd qilib qoʻyilgan. Ayni paytda bunday buyurtmalar soni 20 dan koʻp kasblar boʻyicha 65 mingdan ortadi.

Tizimdagi tashkilotlarning xorijiy ish beruvchilar bilan amaliy aloqalari yoʻlga qoʻyilmoqda. Fuqarolarimiz eng koʻp mehnat qilayotgan Rossiya Federatsiyasida tashkil etilgan ishchi guruhlari ushbu mamlakatda ishlayotganlardan muntazam xabar olib turadi. Ular ayrim joylardagi kelishmovchiliklarni bartaraf etib, moddiy jihatdan ogʻir ahvolga qolganlarga yordam koʻrsatadi. Oʻtgan yilda koʻmakka muhtoj 400 nafardan ortiq muhojir mablagʻ bilan taʼminlandi. Xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan 297 nafar fuqarolarni vatanga qaytishiga koʻmaklashildi.

Bularning barchasi mehnat muhojirligini toʻla huquqiy yoʻlga qoʻyish va kutilgan natijaga erishish imkoniyatini kengaytirayotgan boʻlsa-da, sohada yillar davomida toʻplangan muammolar ham yetarlicha. Xususan, keyingi paytda xorijga ishlash uchun xavfsiz, tartibli va qonuniy ravishda chiqib ketayotganlarning atigi 15 foizi davlat migratsiya tizimi hissasiga toʻgʻri kelayotgani achinarli. Demak, hamon noqonuniy muhojirlik davom etayotir. Migratsiya agentligi esa xorijga chiqmoqchi boʻlgan har bir kishiga qonuniy ish topish imkoniyatini yaratishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Qonuniy yoʻl bilan ish topolmagan muhojirlar esa vositachilarga murojaat qilishga majbur. Oʻz navbatida, bu odam savdosi xavfini oshiradi. Har bir tuman (shahar)larda hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari rahbarligida migratsiya shtablari tashkil etilib, ularga masʼul idora va tashkilotlardan xodimlar biriktirilgan. Migratsiya boʻyicha mahalla yettiligi tomonidan koʻtarilgan masalalarga tezkor amaliy yechim topish maqsadida tizimli faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Mahallalarda chetga ishlash uchun chiqish istagidagi fuqarolarni kasb-hunar va tanlovlarga jalb etish hamda xorijdan qaytganlarni daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash maqsadida reintegratsiya xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.

Xalqimizda “Olisning bugʻdoyidan yaqinning somoni yaxshi” degan maqol bor. Bugun koʻplar intilayotgan oʻsha “olisning bugʻdoyi” ayrimlarga juda qimmatga tushyapti. Xorijda ishlashni maqsad qilgan har bir inson mamlakat tashqarisida ishlashga qonuniy yoʻl olsa, huquq va majburiyatlarini puxta anglasa ogʻir ahvolga tushib qolmaydi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер