Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida Prezident Farmoni qabul qilindi

10:53 25 May 2024 Hujjatlar
1633 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat buyurtmasini shakllantirish va davlat granti ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning sifatli taʼlim olishlari uchun mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoq va sohalariga manzilli yoʻnaltirish maqsadida:

1. Oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

a) 2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab:

davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy taʼlim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari mustasno;

davlat buyurtmasi boʻyicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi;

davlat oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan tartib va shartlar boʻyicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bir talaba uchun ajratiladigan mablagʻ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalarida bir talaba uchun toʻgʻri keladigan oʻrtacha xarajat miqdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi;

davlat granti kvotalarining oliy taʼlim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlarning tanlovi va toʻplagan ballariga koʻra amalga oshiriladi;

oliy taʼlim tashkilotlari moddiy-texnika bazasi, professor-oʻqituvchilari tarkibi va oʻquv-metodik taʼminotiga muvofiq, keyingi oʻquv yili uchun oʻz qabul parametrlarini shakllantiradi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi;

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy taʼlim tashkilotlari qabul parametrlari asosliligini oʻrganadi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) kiritadi;

Davlat komissiyasi oliy taʼlim tashkilotlari, taʼlim shakllari va tillar kesimida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha umumiy qabul parametrlarini, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qoʻshimcha qabul parametrlarini, maqsadli qabul kvotalarini hamda magistratura mutaxassisliklari qabul parametrlarini davlat granti va toʻlov-kontraktga ajratgan holda oliy taʼlim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlab, Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etadi;

b) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab har bir taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi taʼlim sohalari (bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari) kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;

v) 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan talab prognoziga muvofiq ravishda 4-yillik davr uchun tasdiqlanadi.

2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy ragʻbatlantiruvchi grant va taʼlim granti shaklida ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Belgilansinki:

a) ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyoz boʻyicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi;

b) taʼlim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy taʼlim tashkilotiga qabul qilingan talabalar uchun ajratiladi;

v) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga taʼlim granti bir oʻquv yili uchun ajratiladi. Bunda:

taʼlim granti birinchi kursda oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan talabalarga ajratiladi;

taʼlim granti ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting koʻrsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi;

taʼlim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat toʻliq taʼlim grantini yutgan talabalarga toʻlanadi;

ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant sohibi boʻlgan talabalarga davlat granti ularning oʻqish davri uchun toʻliq hajmda taqdim etiladi;

taʼlim granti asosida tahsil olgan talabalarning oʻqishni tamomlaganlaridan soʻng kamida 3-yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishning minimal oʻtish bali tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishining oldingi oʻquv yilidagi oʻrtacha oʻtish ballarini hisobga olgan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;

b) hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari ajratiladi. Bunda:

davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari maqsadli qabul buyurtmachilari hisoblanadi hamda kadrlarga boʻlgan oʻz ehtiyojlarini Davlat komissiyasiga taqdim etadi;

hududlar kesimida maqsadli qabul tegishli hududda doimiy yashaydigan (doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan) hamda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarini tamomlagan abituriyentlar orasida tanlov asosida amalga oshiriladi;

maqsadli qabul kvotasi doirasida talabalikka tavsiya etilgan fuqaro bilan manfaatdor tuman (shahar) hokimiyati, sohaviy davlat organi (tashkiloti) va oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida toʻrt tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda talabani ish bilan taʼminlash va uning oʻqishni yakunlagandan soʻng muayyan hududda (tashkilotda) ishlab berishini monitoring qilish kadr buyurtmachisi zimmasiga yuklanadi;

v) 2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarining boshqa taʼlim shakllariga umumiy qabul parametri kunduzgi taʼlim shakli uchun belgilangan qabul kvotasidan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilanadi.

4. Belgilansinki, magistratura mutaxassisliklari va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etiladi:

xorijiy tillar yoʻnalishlari boʻyicha — kamida S1 darajasida;

gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat koʻrsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taʼlim sohalari boʻyicha — kamida V2 darajasida;

boshqa taʼlim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari (ixtisosliklari) boʻyicha — kamida V1 darajasida.

5. 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy va professional taʼlim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish boʻyicha imtihonlar “avval test, soʻng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda oʻtkazilishi belgilansin. Bunda:

a) abituriyentlar oʻz tanloviga koʻra test sinovi natijasida toʻplagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga, soʻng professional taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi;

b) davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun roʻyxatdan oʻtadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, taʼlim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon boʻlsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy taʼlim muassasasini tanlaydi. Bunda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;

oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida oʻtkaziladi;

ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida oliy taʼlim muassasasi, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va taʼlim shaklini tanlaydi;

v) 2025/2026 oʻquv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan taʼlim yoʻnalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi;

g) barcha davlat kollej va texnikumlariga “avval test, soʻng tanlov” tamoyiliga muvofiq qabul qilishda abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda taʼlim shaklini oliy taʼlim muassasalariga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan soʻng 10 kun muddatda tanlaydi.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

imtihonsiz qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos boʻluvchi imtiyozga ega abituriyentlar Davlat komissiyasining qaroriga asosan taʼlim shaklidan qatʼi nazar, roʻyxatdan oʻtishda imtiyoz amal qiladigan doirada tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi;

alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos boʻluvchi imtiyozga ega abituriyentlar (nogironligi boʻlgan shaxslar hamda “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari boʻlgan yetim bolalar, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga toʻlmagan) bundan mustasno) ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etadi;

alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishda tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi;

xalqaro sport musobaqalari gʻoliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga sport turlarining soha boʻyicha mos kelishiga qatʼiy rioya qilingan holda imtihonsiz qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi;

imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentga ushbu imtiyozdan takroran foydalanishga ruxsat etilmaydi;

ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, shuningdek, oliy taʼlimning tegishli bosqichiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta taʼlimning ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi;

oliy taʼlim muassasalari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari hamda harbiy-akademik litseylarga oʻqishga kirishda imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlarning yagona bazasi har yili 1-iyunga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus axborot tizimiga kiritish orqali shakllantirib boriladi.

7. Ijtimoiy himoya milliy agentligi har yili 1-iyunga qadar nogironligi boʻlgan shaxslar, jumladan, koʻzi ojizlarning maʼlumotlar bazasini nogironlik guruhini aniq koʻrsatgan holda shakllantirsin hamda uni Bilim va malakalarni baholash agentligining axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.

8. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Savdo-sanoat palatasi va ish beruvchilar uyushmalari bilan birgalikda:

2024-yil yakuniga qadar mehnat bozorida kutilayotgan oʻzgarishlarni ilmiy tadqiq qilgan holda oʻz ahamiyatini yoʻqotib boradigan hamda yangi paydo boʻladigan kasblar (lavozimlar) roʻyxati, ularga qoʻyiladigan malaka talablari va kompetensiyalarni shakllantirsin;

2025-yil 1-mayga qadar jamlangan maʼlumotlar asosida “Oʻzbekiston yangi kasblar atlasi” elektron platformasi yaratilishini hamda har yili yangilab borilishini taʼminlasin.

Ushbu bandni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilsin.

9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi bilan birgalikda uch oy muddatda:

taʼlim grantini oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga tabaqalashtirilgan tartibda bir oʻquv yili uchun ajratish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini;

hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun maqsadli qabul kvotalarini shakllantirish, qabul jarayonlarini tashkil etish va kadrlar buyurtmachilarining aniq vazifalarini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;

qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A.Sharipov belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2024-yil 24-may

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер